“Biznesga maslahat” portali ish boshladi

Tadbirkorlarga har tomonlama koʻmak berishga moʻljallangan “Biznesga maslahat” interfaol axborot portali test rejimida ish boshladi.

“Advice.uz” huquqiy axborot portalining ijobiy tajribasidan kelib chiqqan holda Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur yangi axborot portali tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar yaratib beradi.Birinchidan, tadbirkorlar oʻz faoliyati davomida duch keladigan masalalarni xalqchil va amaliyotga bogʻlangan holda tushuntirishga qaratilgan mingga yaqin huquqiy maʼlumotlar portalga joylashtirilgan.

Xususan, huquqiy maʼlumotlarda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish tartibi, yer olish, mehnat munosabatlari, infratuzilmalarga ulanish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari, bank, soliq va bojxona qonunchiligiga oid normalar aks ettirilgan.

Shuningdek, portalga joylashtirilgan maʼlumotlar yuzasidan 20 dan ortiq vazirlik, idoralar va jamoat tashkilotlarining takliflari olingan.

Ikkinchidan, portalda huquqiy maʼlumotlarni joylashtirish bilan cheklanmasdan, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur boʻladigan hujjatlarning namunaviy shakllari ham berilgan.

Masalan, banklarga taqdim etiladigan toʻlov hujjatlari, xodimlarni ishga qabul qilish boʻyicha mehnat shartnomasining va boshqa shu kabi hujjatlarning namunalari erkin foydalanish uchun joylashtirilgan.

Uchinchidan, portal orqali tadbirkorlarning onlayn murojaatlari qabul qilinadi va ularning mavjud huquqiy muammolari yuzasidan qisqa muddatda maslahatlar beriladi.

Ushbu vazifani amalga oshirish uchun portalni yuritishga masʼul boʻlgan turli sohalarda malaka va ish tajribasiga ega boʻlgan 20 nafar ekspert jalb etiladi.

Toʻrtinchidan, portalni yuritishga masʼul qilib belgilanishi rejalashtirilayotgan idora oʻz faoliyatini doimiy asosda olib boradi. Bu haqida tegishli hujjat loyihasi hozirgi kunda tayyorlanmoqda.

“Biznesga maslahat” axborot portali bilan b-advice.uz manzili orqali tanishishingiz mumkin.

 

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA