Onlayn
Mutaxassislarning fikriga koʻra, koronavirus infeksiyasi qandli diabet bilan kasallanganlar orasida ogʻir kechmoqda.
Onkologik bemorlarda ham immun tizimi zaif boʻlagani bois, kasallik bilan kurashish qiyin kechadi.
– Onkologik kasallik bilan kasallangan shaxs va u bilan istiqomat qiluvchi oila aʼzolari koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, yaʼni qoʻl yuvish, niqob taqish va jamoat joylariga borishdan oʻzini tiyish kabi qoidalariga toʻliq rioya etishi kerak, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nurmat Otabekov. – Bunday bemorlar ushbu kasallikdan davolanayotgan boʻlsa yoki oldinroq davolangan boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashib ish tutishi maqsadga muvofiq.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemor shifoxonadan davolanib chiqqanidan keyin ham kimgadir kasallikni yuqtirishi – kasallik klinik belgilari toʻliq yoʻqolgan boʻlsada, tashqariga virusni chiqarishni davom ettirishi mumkin ekan. Shuning uchun ham kasallikdan forigʻ boʻlgan shaxslar yana ikki xafta mobaynida kuzatuvda boʻlishi va atrofdagilarga kasallik yuqib qolishining oldini olishga qaratilgan talablarga rioya etishlari shart.
Mohigul Qosimova, OʻzA