Xususan, sohada joriy etilgan “raqamli bojxona” doirasidagi “xavfni boshqarish” tizimi imkoniyatlari yordamida eksport-importga rasmiylashtirilayotgan yuklar “yashil” va “sariq” yoʻlaklar orqali soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan rasmiylashtirilmoqda.Ammo hamon noqonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchrab turibdi. Shu bois “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish maqsadida bojxona organlarining tarkibiy tuzilmalari tomonidan tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi bir nechta masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning rasmiy va norasmiy rahbarlari, ularning noqonuniy faoliyatida ishtirok etuvchi fuqarolar kuzatuvga olingan.
Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, tezkor kuzatuvlar davomida birlamchi shubhalar oʻz tasdigʻini topgan.
Kuni kecha Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga karshi kurashish va bojxona auditi hamda Korrupsiyaga karshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimlari tomonidan “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Davlat byudjetiga bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik maqsadida yirik miqdordagi import tovarlarni past stavkali tovarlarga almashtirish bilan shugʻullanib kelgan, puxta oʻylangan jinoiy sxemaga asoslangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Maʼlum boʻlishicha, oldindan tuzilgan rejaga koʻra tashkilot nomiga xorijdan import qilingan yuqori stavkali generator, suv purkagich, changyutgich, kiryuvgich kabi qimmatbaho xoʻjalik uskunalari va qurilish anjomlari “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, oʻz omborida yuqoridagi tovarlar oʻrniga jinoiy guruh aʼzolari tomonidan soxta yoʻl-yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilgan qulf, elektrod, tokqaychi va arra kabi 16 turdagi tovarga almashtirilayotgan vaqtda toʻxtatib qolindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yoʻl-yuk hujjatlarida koʻrsatilmagan va ashyoviy dalil sifatida olingan 31 turdagi 4 ming 214 dona tovarlning umumiy qiymati 5 milliard soʻmni tashkil etishi maʼlum boʻldi.
Jinoiy guruhning gʻarazli maqsadlari amalga oshganida davlatimiz gʻaznasiga bor-yoʻgʻi 1 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirilar, 4,5 milliard soʻmlikdan ortiq zarar yetkazilar edi.
Mazkur aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati esa bojxona auditidan oʻtkaziladi.