700 ga yaqin fuqarolarimiz avtobuslarda olib kelinmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi xabariga koʻra, Rossiya Federatsiyasidan Oʻzbekistonga qaytish istagida boʻlgan yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarish jarayoni davom etmoqda.
Jumladan, joriy yilning 23-sentyabr kuni 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiya Federatsiyasining Qozogʻiston bilan chegara hududi – Samara viloyatida toʻplanib qolgan fuqarolarimizni Vatanga olib kelish maqsadida Rossiyaga joʻnatilgan, ushbu avtobuslar 27-sentyabr kuni 750 nafar yurtdoshlarimizni Oʻzbekistonga olib kelgan edi.
Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan 26-sentyabr kuni navbatdagi 15 ta avtobusdan iborat karvon Rossiya Federatsiyasi hududidan mamlakatimiz fuqarolarini olib kelish maqsadida yoʻlga chiqqan edi. Ayni damda ushbu avtobuslar Qozon shahridan 700 nafarga yaqin yurtdoshlarimizni olib qaytmoqda.
Rejaga muvofiq, avtobuslar karvoni ertaga Oʻzbekistonga kirib keladi.

 

OʻzA