Muzey − tarix koʻzgusi

Muzeylar tarixga doir bilim chashmasi, ibrat namunasi sifatida yangi avlodlarga asrlar osha xizmat qiladi.
Har bir xalqning oʻz munavvarlari, fidoyi oʻgʻil-qizlari boʻladi. Ular butun umrini, isteʼdodini el-yurt tinchligi, xalq hayotining farovonligi, haqiqat va adolat tantanasi uchun baxsh etadi. Buyuk soʻz sanʼatkorlarining ilmiy va maʼnaviy merosi asrlar osha ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiydan to bugungi kunlargacha xalqimiz orasidan yetishib chiqqan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar ham oʻzlarining noyob isteʼdodlarini millat, Vatan, el-yurt manfaatlariga bagʻishladi. Shu bois xalqimiz adabiyotni ulugʻ bir dargoh deb biladi. Ijod ahliga cheksiz hurmat bilan qaraydi.
Bugungi kunda maʼnaviyatimiz, milliy tafakkurimizning ajralmas qismi boʻlgan ona tilimizni rivojlantirish, boy tariximiz, qadimiy urf-odat va anʼanalarimizni asrab-avaylash, komil insonlarni voyaga yetkazish kabi masʼuliyatli vazifalar, jumladan, yangi Oʻzbekistonning buyuk tarixini yaratish, davlatimizning iqtisodiy-maʼnaviy qudratini yana-da mustahkamlash shu boisdan ham adabiyotimizning zimmasiga yuklangan.
Zahmatkash ziyolilarimiz oʻtish davrining qiyinchiliklariga qaramay maʼnaviy burchlariga sodiq qolib, milliy oʻzligimizni anglash, tarixiy adolatni tiklash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Ularning yangi asarlari, targʻibot-tashviqot ishlaridagi faolligi muhtaram Prezidentimiz tomonidan munosib baholanib kelinmoqda. Qalam sohiblari mamlakatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlmoqda. Keyingi yillarda adabiyotimizga shaxdam kirib kelayotgan yosh ijodkorlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uzoq yillar davomida gʻoyat murakkab yoʻlni bosib oʻtdi. Yangilikka intilish, xalqni ilmli, ziyoli koʻrish niyatida qilgan harakatlari ayovssiz qatagʻonlarga sabab boʻldi. Koʻplab ijodkorlar – xalqimizning pokiza qalbli ziyolilari “xalq dushmani” degan soxta ayblov bilan qamoqxonalarga tashlandi, oilasidan, farzandlaridan ajratildi. Ammo bu tahqirlar ham ijodkorlarning qalamini qoʻlidan tushirmadi. Aksincha, mahkumlar qalbida adolat tantanasiga, yorugʻ kunlar kelishiga ishonchni mustahkamladi.
Bugungi yosh ijodkorlar bularni bilishi kerak, albatta. Oʻzbekiston Yozuvchilari tarixi muzeyini tashkil etishdan koʻzlangan maqsad ham shu edi.
Tarixga nazar solsak, maʼrifatli hukmdorlar oʻz saroylarida adabiy muhit yaratib, isteʼdodli shoir va yozuvchilarni ragʻbatlantirgan. Shunday muhit Mahmud Gʻaznaviy, Husayn Boyqaro, Amir Umarxon, Feruz kabi xon va amirlar saroyida boʻlgan. Bundan tashqari, badiiy soʻz sohiblari ishtirokida sheʼriyat muxlislari uchun hofizxonlik, bedilxonlik, navoiyxonlik, mashrabxonlik kechalari oʻtkazilgan. Ustoz va shogird anʼanalari yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi uyushmaning XX asrning 30-yillaridan to shu vaqtgacha bosib oʻtgan yoʻlini, u davrda oʻzbek adabiyoti erishgan yutuqlar va yoʻl qoʻygan kamchiliklarini namoyish etish bilan birga, hozirgi oʻzbek adabiyotining rivojlanishiga, uning bunyodkor, mehnatkash xalq bilan aloqasini mustahkamlashga, ustoz shoir va adiblarga xos eng yaxshi anʼanalarning davom ettirilishi va ravnaq topishiga yordam beruvchi, xalqda, ayniqsa, yoshlarda kitobga, adabiyotga, maʼrifatga katta mehr va muhabbat uygʻotuvchi madaniy-maʼrifiy markaz vazifasini bajaradi.
Muzeyda 1910-1930, 1940-1960, 1970-1990-yillarda va mustaqillik davrida milliy adabiyotga xizmat qilgan ijodkorlarning fotosuratlari, buyuk maʼrifatparvarlar Gʻulom Zafariy, Isʼhoqxon Toʻra Ibrat, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy va Hamza kabi adiblar, Yozuvchilar uyushmasiga Rahmat Majidiy, Qurbon Beregin, Xolmat Qurbonov, Oybek, Uygʻun, Abdulla Qahhor, Komil Yashin, Sharof Rashidov, Sarvar Azimov, Odil Yoqubov, Jamol Kamol, Abdulla Oripov, Muhammad Ali rahbarlik qilgan davrga oid maʼlumotlar bilan tanishish mumkin.
Alohida stendga Yozuvchilar uyushmasining dastlabki yillari toʻgʻrisidagi hujjat va maʼlumotlar, oʻzbek adabiyotini rivojlantirish, yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yana-da kuchaytirish hamda faol ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon va qarorlar joylashtirilgan.
Oʻzbek adiblari turli millat vakillari bilan oʻzaro adabiy, maʼnaviy aloqalarga hamisha alohida eʼtibor bergan. Bu mavzudagi fotosuratlarni “Adabiy doʻstlik − abadiy doʻstlik” burchagida koʻrish mumkin.
Muzeyda oʻzbek rassomlarining taniqli adiblarimiz asarlari asosida ishlagan suratlari ham mavjud boʻlib, ular tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotishi shubhasiz.
Munira RAMAZONOVA

 

O’zA