Toʻydagi “oʻq uzgan” kishining shaxsi aniqlandi

Internet tarmogʻida toʻydagi mehmonlardan biri osmonga qarata toʻpponchadan oʻq uzayotgani aks etgan video tarqamoqda.
Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur video oʻrganilib, oʻq uzgan kishining shaxsi aniqlandi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabariga koʻra, oʻq uzgan kishi – Toshkent viloyatilik 25 yoshli U.Salixov ekanligi maʼlum boʻldi. Uning soʻzlariga qaraganda, u qarindoshi boʻlmish kuyovga toʻy kuni kuyov-joʻralik qilgan. 19-sentyabr kuni kuyov va uning doʻstlari Chilonzor tumaniga, kelinning uyiga kelishganida U.Salixov keyinchalik “qiziqarli rolik” tayyorlash uchun bozordan sotib olgan oʻyinchoq toʻpponchani osmonga koʻtargan. Shu lahzalar videooperatorlar tomonidan tasvirga tushirilgan.
4-oktyabr kuni kechqurun Ulugʻbekning oʻzi videoni montaj qilib, oʻq uzish tovushlarini qoʻshgan va videoni instagram ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasiga joylagan. Keyinchalik mazkur videoni internetda tarqatgan.

 

OʻzA