Yurtimiz shaʼnini jahon arenasida munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar Nukusda sharaflandi

2017-yildan Xalqaro armiya oʻyinlari (“ArMI”)da ishtirok etishni boshlagan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari mana toʻrt yildirki mamlakatimiz shaʼnini jahon arenasida munosib himoya qilib, yurtimizga medallar shodasini hadya etib kelmoqda.
Joriy yilgi “ArMI–2020” oʻyinlarida yuqori koʻrsatkichlarni qayd etib kelgan yurt oʻgʻlonlari yuksak ehtirom ila qarshi olinib, joylarda munosib ragʻbatlantirilyapti.
_U4A5183 kopiya.jpg
Ana shunday tadbirlardan biri Nukus garnizonida oʻtkazilib, unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida harbiy xizmatni oʻtayotgan 18 nafar “ArMI – 2020” oʻyinlari sovrindorlari sharaflandi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmat OʻzAga xabar berdi.
_U4A5071.JPG
Tantanali marosimda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov mamlakatimiz Qurolli kuchlari qudratini dunyoga taratib, yetakchi xorijiy mamlakat armiyalarining eng kuchli mutaxassislariga munosib raqobat koʻrsatib kelayotgan yigitlarni qutladi. Yuksak marralar zamirida mashaqqatli mehnat va eng asosiysi, yurtga sadoqat tuygʻusi borligini taʼkidladi.
Joriy yilning 23-avgustidan 5-sentyabrigacha davom etgan “ArMI – 2020” Xalqaro armiya oʻyinlarida 30 dan ortiq davlatning 156 jamoasi qatorida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 16 yoʻnalishda faol ishtirok etdi.
_U4A5050.JPG
Hamyurtlarimiz jami 16 yoʻnalishda – 3 ta birinchi, 8 ta ikkinchi va 3 ta uchinchi oʻrinni egallab, umumjamoa hisobida 3-oʻrinni qayd etdi. Qator yoʻnalishlarda rekord natijalarni ham qayd etdi.
Taʼkidlash joizki, “ArMI – 2020” oʻyinlarining “Otliq marafon” tanlovining dastlabki tayyorgarlik jarayonlari aynan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug bazasida oʻtkazilgan edi.
_U4A5068.JPG
Nukus va Urganch garnizonlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar “ArMI – 2020” musobaqalarining 7 ta yoʻnalishda qatnashib, Oʻzbekiston terma jamoalarining muvaffaqiyatli ishtiroki uchun munosib hissa qoʻshishdi.
Tadbir davomida Xalqaro armiya oʻyinlari ishtirokchilari harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

 

OʻzA