Kelgusi 3 yilga moʻljallangan oʻnta ustuvor yoʻnalish belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etish, hududdagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 2-oktyabr kuni Nukus shahriga tashrif buyurdi.
Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Yigʻilishni Joʻqorgʻi Kenges Raisining oʻrinbosari Atabek Davletov ochdi. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlandi, Oqsoqollar kengashi va Hisob-sanoq komissiyasi tarkibi tuzildi.
Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq, Joʻqorgʻi Kenges Raisi lavozimiga Kamalov Murat Qallibekovich nomzodi tavsiya etildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida koronavirus pandemiyasi butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizga ham yoʻqotishlar olib kelgani, lekin hayot davom etishi, shu sharoitga munosib boʻlib, toʻgʻri yoʻl topish zarurligini taʼkidladi.
– Bugun qoraqalpoq elini, tuprogʻini, imkoniyatlarini yaxshi bilgan, xalq tanigan, turli masalalarni hal qila oladigan yetakchini saylab olishimiz kerak. Berdaq bobomizning dono soʻzlari bilan aytganda:
Xalqning gʻamini oʻylagan,
Yurt gʻamxoʻri kerak menga, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident hozirgi murakkab paytda rahbar boʻlish oson emasligini, Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish boʻyicha boshlangan ishlar 2-3 karra koʻpaytirib davom ettirilishini taʼkidladi.
– Murat Kamalovni koʻp yillardan beri taniyman, – dedi Prezident. – U avvalo halol odam, vatanparvar odam. Qayerda ishlagan boʻlmasin, qoraqalpoq elining dardi bilan yashaganiga guvohman. Eng asosiysi shu. Boshqasi tajriba bilan keladi. U otasi Qallibek Kamalov, marhum Musa Yerniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovning insoniy fazilatlari, fidoyiligi va rahbarlik qobiliyatini hisobga olib, uning nomzodiga oʻz roziligini bildirdi.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi. Yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi lavozimiga Murat Kamalov saylandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq, Joʻqorgʻi Kenges Raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir. Joʻqorgʻi Kenges Raisi ayni organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Joʻqorgʻi Kengesning vakolati muddatiga saylanadi.
Sessiyada hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oxirgi toʻrt yilda oʻnlab yirik toʻqimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa zamonaviy sanoat korxonalari qurilishi hisobiga Qoraqalpogʻistonda ishlab chiqarish hajmi 2 barobar oʻsgan. Yangi suv tarmoqlari qurilishi natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 40 foizdan 67 foizga yetdi. 241 ta maktab, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport obyektlari yangidan qurildi, kapital taʼmirlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovni Joʻqorgʻi Kenges Raisligiga saylangani bilan tabriklab, oʻta masʼuliyatli vazifada muvaffaqiyat tiladi.
– Yangi rahbar faoliyatining eng muhim yoʻnalishi “xalqning dardini eshitish va masalalarini hal etish” boʻlishi kerak. Buning uchun tinimsiz izlanish, mehnat qilish, xalq bilan maslahatlashib ishlash zarur. Qoraqalpogʻistonda elni sevgan, bilimli, fidoyi yoshlar koʻp. Ularni birlashtirib, natija qilish, el-yurtga manfaat olib kelish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Qoraqalpogʻistonda barcha sohalarni jadal rivojlantirish boʻyicha kelgusi 3 yilga moʻljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgani maʼlum qilindi. Unga koʻra, har bir tumanda 2 tadan faoliyat turi oʻziga xos “oʻsish nuqta”si etib belgilangan.
Prezident barcha 16 ta tumanni yana-da ravnaq toptirish maqsadida mazkur “oʻsish nuqtalari” boʻyicha tadbirkorlik subyektlari 3 yil muddatga yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, kichik korxonalarning aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻidan ozod etilishini taʼkidladi.
Bundan tashqari, taraqqiyot darajasi past boʻlgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida yangi tashkil etiladigan sanoat korxonalariga ham 3 yil muddatga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.
Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga kuchli turtki berish, muammolarni tezkor hal etish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi.
Yigʻilishda kelgusi 3 yilga moʻljallangan oʻnta ustuvor yoʻnalish belgilandi.
Birinchisi – tumanlar va mahallalarni jadal rivojlantirish, ikkinchisi – aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻlsa, uchinchisi doirasida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Orol muammosining salbiy taʼsirini yumshatish saʼy-harakatlari toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi.
Beshinchisi etib xizmat koʻrsatish sohasi salohiyatini toʻliq ishga solish, oltinchisi oʻlaroq qishloq xoʻjaligini rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Yettinchidan, aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida ishlar tashkil qilinsa, sakkizinchidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi.
Toʻqqizinchi ustuvor yoʻnalish etib yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash koʻrsatib oʻtilgan boʻlsa, oʻninchisi doirasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Prezident mamlakatimiz yigit-qizlarini mazkur hudud hayoti bilan tanishtirish maqsadida kelgusi yili Qoraqalpogʻistonda Yoshlar festivali tashkil etish taklifini bildirdi.
Davlatimiz rahbari Nukus shahrida barpo etilgan opera va baxshichilik maktab-internati bilan tanishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda boʻlgani kabi baxshichilik sanʼati rivojiga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Yurtimizda har ikki yilda bir Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi, Termiz shahrida oʻtgan yili baxshichilik maktabi faoliyat boshladi, Respublika baxshichilik sanʼati markazi barpo etilmoqda.
Ushbu markaz huzurida baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi ham tashkil etiladi. Bu kabi xayrli ishlar ajdodlarimiz asrlar davomida eʼzozlab kelgan noyob sanʼatni dunyoga keng tarannum etish, yoshlarimizning unga qiziqishini oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Baxshi-jirovchilik qoraqalpoq xalqining qadimiy milliy sanʼat turlaridan hisoblanadi. Ushbu xalq folklori baxshi-jirovlar tomonidan kuylanib, ustoz-shogird anʼanasi orqali bizgacha yetib kelgan. Baxshichilikni asrab-avaylash, qadimiy dostonlarni yoshlarimizga singdirish va ularni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalash, baxshichilik sohasida dunyoga taniqli sanʼatkorlarni yetishtirish maqsadida oʻtgan yili Nukus shahrida opera va baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat qurilishi boshlangan edi.
Joriy yilda bitkazilgan maktab-internat operaga ham ixtisoslashtirildi. Chunki Qoraqalpogʻistonda opera janrida oʻziga xos maktab yaratilgan, Muyassar Razzoqova, Kenesbay Serjanov, Oygul Nodirova, Jenisbek Piyazov singari elga taniqli opera xonandalari yurtimiz sanʼatini dunyoga yoyishga katta hissa qoʻshib kelmoqda.
150 oʻrinli taʼlim maskanida 50 oʻrinli yotoqxona va oshxona barpo etilgan, sinfxonalar oʻquv qurollari va cholgʻular bilan jihozlangan.
Kelasi oʻquv yilida maktabning 5, 6 va 7-sinflariga, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab esa 5-sinfiga opera yoʻnalishiga 10, baxshichilik yoʻnalishiga 20 nafardan oʻquvchi tanlov asosida qabul qilinadi.
Davlatimiz rahbari maktab-internatning 150 oʻrinli zamonaviy konsert zali va sinfxonalarini koʻzdan kechirdi. Qoraqalpoq yoshlari milliy va zamonaviy operalardan namunalar ijro etdi.
– Bunday maktablarni tashkil etishimizdan asosiy maqsad – tariximizni, madaniyatimizni chuqur oʻrganish, oʻzligimizni anglash. Baxshichilik – qoraqalpoq elining ulugʻ anʼanasi, uni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Soha vakillari va yoshlar bilan muloqotda har bir tumanda ushbu maktab-internatning boʻlimlarini tashkil etish, shu orqali chekka hududlardagi isteʼdodli yoshlarni izlab topib ularni oʻqitish, maktab negizida konservatoriya filialini ochish va yetuk baxshi-opera xonandalarini tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
Tanishuv chogʻida sanʼat maktabining yoʻnalishlarini kengaytirish kerakligi alohida qayd etildi. Masalan, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, chet eldan professor-oʻqituvchilar jalb etish, ular ishtirokida mahorat darslarini yoʻlga qoʻyish oʻquvchilarni mamlakat va xalqaro miqyosdagi tanlovlarga tayyorlashda muhim oʻrin tutadi.
Shavkat Mirziyoyev maktab-internatda oʻquvchilarga asosiy yoʻnalishlardan tashqari milliy va Yevropa cholgʻularidan dars berish, sanʼatni keng targʻib etish orqali aholining estetik saviyasini yuksaltirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Prezidentimiz Nukus shahridagi “Qoraqalpoq baliq sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy va innovatsion uslublarini joriy etish boʻyicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning ijrosini sifatli va puxta taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 29-avgustdagi “Baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini oʻtaydi.
Ayniqsa, baliqchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan suv havzalaridan ilmiy yondashuv asosida samarali foydalanish, ularning meliorativ holatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Qoraqalpoq baliq sanoat” jamiyati tomonidan “Intensiv tarzda baliq yetishtirish va uni qayta ishlash” loyihasi doirasidagi korxona 1,2 gektar yer maydonida tashkil etilgan. Uning quvvati yiliga 200 tonna baliq, 5 million dona baliq lichinkalari yetishtirish, 5 ming tonna ozuqa yem ishlab chiqarish va ming tonnalik sovutkichli kamerada mahsulot saqlash imkoniga ega. U shu yil iyulda faoliyat boshladi, 35 ta ish oʻrni yaratilgan.
Loyihaning ahamiyati shundaki, korxonada yopiq sigʻimda intensiv usulda baliq yetishtiriladi. Yaʼni, suvdan takroran foydalanish evaziga katta hajmda suv tejaladi. Masalan, 200 tonna baliq yetishtirish uchun oddiy sharoitda 1,5 million metr kub suv sarflansa, bu yerda 250 metr kub yetarli. Bu Qoraqalpogʻiston uchun juda muhim.
Shu yerda qishloq xoʻjaligi tarmoqlaridagi loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari chorvachilikda oilaviy koopersiyalarni yoʻlga qoʻyib, parrandani koʻpaytirib, goʻsht narxini arzonlashtirish choralarini koʻrish muhimligini taʼkidladi. Hududda yer va suvning aniq hisobini yuritish, bunga axborot texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida koʻp qavatli turar joylar va IT-park qurilishini koʻzdan kechirdi.
Tatibay koʻchasidagi yangi turar joy majmuasi zamonaviy andozalar asosida, zilzilabardosh qurilish materiallaridan bunyod etilmoqda. Tashqi devorlar 3 qavatli energiyatejamkor materialdan iboratligi bois xonadonlar qishda issiq, yozda salqin boʻlishga erishiladi.
160 ta xonadonga moʻljallangan 2 ta 16 qavatli uy kelasi yilda yashash uchun tayyor holda topshiriladi.
Prezident yangi uyning shou-rumida boʻlib, ularda yaratiladigan sharoitlar bilan tanishdi.
Shu yerda IT-park ham qurilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 8 ta raqamli iqtisodiyot markazlari faoliyat koʻrsatmoqda, ularda axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Mazkur IT-park raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi ishlarning uzviy davomi boʻlib, u ishga tushirilsa qoraqalpogʻistonlik yoshlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida izlanishlari uchun keng imkoniyat ochiladi.
Maʼlumki, joriy yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilingan. 8-iyun kuni Prezident huzurida oʻtkazilgan taqdimotda hududlarda soha rivojiga sharoit yaratish, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida Toshkentdagi IT-park filiallarini tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan edi.
Nukus shahrida barpo etilayotgan IT-park 16 qavatdan iborat boʻladi. Uni 2021-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bu yerda axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, taʼlim, turizm, madaniyat, qurilish va transport kabi sohalarda istiqbolli loyihalar ustida ish olib boradi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar oʻquv maskani, kovorking markazi, oʻquv va kibersport xonalarida yoshlarga axborot texnologiyalari boʻyicha bilim beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini koʻzdan kechirar ekan, Toshkent shahridagi har qanday istiqbolli yangiliklar Nukus shahrida boʻlishi kerakligini, har bir tumanlardagi koʻchalarni zamonaviy shaklga keltirish va odamlarga qulaylik yaratish lozimligini taʼkidladi.
– Toshkentda nima yangilik boʻlsa, Nukusga kelishi kerak, – dedi Prezident. – Yangicha ishlamasak, zamon qabul qilmaydi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahri tumanlarini Nukus shahri mahallalariga biriktirish, koʻchalarni yoritib, obodonlashtirib, savdo va xizmat shoxobchalarini koʻpaytirish, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistonga tashrifi yakunlandi.

 

Matnazar ELMURODOV, Ziyodulla JONIBEKOV, Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA muxbirlari