Toshkent viloyati hokimi olimpiadachilarga avtomashina berdi

Toshkent viloyati hokimi Tokioda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritgan sportchilarga avtomashina berdi.
Xabaringiz bor, pandemiya tufayli Tokio Olimpiadasi kelgusi yilga qoldirildi.
Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasidan maʼlum qilishicha, viloyat hokim Rustam Xolmatov bir guruh sportchilar va murabbiylarni qabul qildi.
Doʻstona ruhda boʻlib oʻtgan suhbatda viloyatda ommaviy sportni rivojlantirish, Olimpiya oʻyinlari tarkibiga kiritilgan sport turlariga eʼtiborni kuchaytirish, muvaffaqiyatga erishgan sportchi va murabbiylarni ragʻbatlantirish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida viloyat hokimi Tokioda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan sportchilaar – Elnur Abduraimov (boks), Tursunoy Rahimova (boks) va Akbar Joʻrayev (ogʻir atletika)ga “Jentra” rusumli avtomashina kalitlarini topshirdi.
Viloyat hokimi shuningdek, ushbu sportchilarning murabbiylari – boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiyi Toʻlqin Qilichev, boks boʻyicha murabbiy, Olmaliq shahridagi BOʻSM direktori Ozod Hasanov va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Toshkent viloyati vakili Azamat Turabovga noutbuk sovgʻa qildi.
Avvalroq viloyat hokimi tomonidan Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma olgan yana bir sportchi – Elmurod Tasmurodovga uy sovgʻa qilingan edi.

 

OʻzA