Qoraqalpogʻistonda tuman va tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar belgilandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oxirgi toʻrt yilda oʻnlab yirik toʻqimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa zamonaviy sanoat korxonalari qurilishi hisobiga Qoraqalpogʻistonda ishlab chiqarish hajmi 2 barobar oʻsgan. Yangi suv tarmoqlari qurilishi natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 40 foizdan 67 foizga yetdi. 241 ta maktab, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport obyektlari yangidan qurildi, kapital taʼmirlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovni Joʻqorgʻi Kenges Raisligiga saylangani bilan tabriklab, oʻta masʼuliyatli vazifada muvaffaqiyat tiladi.

– Yangi rahbar faoliyatining eng muhim yoʻnalishi “xalqning dardini eshitish va masalalarini hal etish” boʻlishi kerak. Buning uchun tinimsiz izlanish, mehnat qilish, xalq bilan maslahatlashib ishlash zarur. Qoraqalpogʻistonda elni sevgan, bilimli, fidoyi yoshlar koʻp. Ularni birlashtirib, natija qilish, el-yurtga manfaat olib kelish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Qoraqalpogʻistonda barcha sohalarni jadal rivojlantirish boʻyicha kelgusi 3 yilga moʻljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgani maʼlum qilindi. Unga koʻra, har bir tumanda 2 tadan faoliyat turi oʻziga xos “oʻsish nuqta”si etib belgilangan.

Prezident barcha 16 ta tumanni yana-da ravnaq toptirish maqsadida mazkur “oʻsish nuqtalari” boʻyicha tadbirkorlik subyektlari 3 yil muddatga yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, kichik korxonalarning aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻidan ozod etilishini taʼkidladi.

Bundan tashqari, taraqqiyot darajasi past boʻlgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida yangi tashkil etiladigan sanoat korxonalariga ham 3 yil muddatga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.

Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga kuchli turtki berish, muammolarni tezkor hal etish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi.

Yigʻilishda kelgusi 3 yilga moʻljallangan oʻnta ustuvor yoʻnalish belgilandi.

Birinchisi – tumanlar va mahallalarni jadal rivojlantirish, ikkinchisi – aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻlsa, uchinchisi doirasida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Orol muammosining salbiy taʼsirini yumshatish saʼy-harakatlari toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi.

Beshinchisi etib xizmat koʻrsatish sohasi salohiyatini toʻliq ishga solish, oltinchisi oʻlaroq qishloq xoʻjaligini rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Yettinchidan, aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida ishlar tashkil qilinsa, sakkizinchidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi.

Toʻqqizinchi ustuvor yoʻnalish etib yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash koʻrsatib oʻtilgan boʻlsa, oʻninchisi doirasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Prezident mamlakatimiz yigit-qizlarini mazkur hudud hayoti bilan tanishtirish maqsadida kelgusi yili Qoraqalpogʻistonda Yoshlar festivali tashkil etish taklifini bildirdi.

 

O’zA