13 yoshida jahon chempionati shohsupasiga koʻtarilgan oʻzbek oʻgʻloni

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, chekka hududlarda ham zamonaviy sport majmualari, bolalar va oʻsmirlar sport maktablari foydalanishga topshirilayotgani navqiron avlod orasidan iqtidorli sportchilar yetishib chiqishida muhim omil boʻlmoqda.
Bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalanib, doimo yurt sharafini koʻklarga koʻtarishni oʻz oldiga maqsad qilgan yosh sportchilarimizdan biri Muhammadamin Aliyevdir.
Muhammadamin 2006-yil Qoʻqon shahrida tavallud topgan. Oiladagi muhit unda bolaligidan sportga qiziqish uygʻotdi. Farzandining sportga boʻlgan ishtiyoqini koʻrgan Qahramon aka Muhammadaminni 4 yoshida sportning taekvondo (WT) turi bilan shugʻulantirish maqsadida murabbiy Sobir Nazaraliyevga olib bordi.
– Muhammadamin mashgʻulotlar davomida berilgan barcha yuklamalarni qunt bilan oʻrganib, ularni bexato bajarishga intilar edi, – deydi murabbiy S.Nazaraliyev. – Sport bilan shugʻullanishni ancha yosh boshlagani bois xato va kamchiliklari koʻp edi. Biroz vaqt oʻtib u oʻzining xatolarini toʻgʻirladi, tajribasi oshdi. Hamon esimda, shogirdim mashgʻulotlarga hammadan oldin kelar va eng oxiri ketar edi. Bir mashqni mukammal tarzda bajarmagunicha yangisiga oʻtmasdi. Bu saʼy-harakatlar uni yuksak marralar sari yetaklashiga ishonchim komil edi.
Shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda mahorat oshirgan taekvondochimiz 2019-yil Toshkentda oʻtgan Jahon chempionatida bronza medali sohibiga aylandi. 13 yoshli Muhammadamin dunyo birinchiligida mamlakatimiz sharafini 33 kilogramm vazn toifasida himoya qildi. U ushbu musobaqaning 1/16 finalida britaniyalik Ouen Blantni 23:2, nimchorak finalda filippinlik Xulio Migel Sapatani 23:3, chorak finalda shvetsiyalik Ademi Bleronni 17:5 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Afsuski, yarim final jangida ukrainalik Maksim Manenkovga imkoniyatni boy berib, bronza medaliga ega chiqdi.
– Musobaqalarda gʻalaba qozonishimda murabbiylarimning maslahati va qoʻllab-quvvatlashi, ota-onamning menga boʻlgan ishonchi asosiy omil boʻladi. Toʻgʻri, oʻtgan yilgi jahon chempionatida oltin medalni qoʻlga kirita olmaganim uchun hamon afsuslanaman. Biroq sportda magʻlubiyat va gʻalaba doimo yonma-yon turadi. Hozirda, mashgʻulotlarga zoʻr bermoqdaman. Orzuim kattalar oʻrtasida Olimpiada oʻyinlari va Jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilish va albatta yurtimizga mazkur musobaqalarning oltin medalini olib kelishdir. Bu uchun bor kuchim va mahoratimni ishga solaman, – deydi M.Aliyev.
Bugun, koʻzlarida gʻalaba ishtiyoqi, qalbida Vatanni sharaflashdek ulkan maqsad bilan kamol topayotgan Muhammadamin oʻz mahoratini muttasil oshirib borish uchun mashgʻulotlarga zoʻr bermoqda. Ishonamizki, u kelgusida Osiyo va jahon chempionatlari hamda Olimpiya oʻyinlarida shohsupaning yuqori pogʻonalaridan joy oladi.

 

Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA