Toʻy va marosimlarga 30 kishidan ortiq odam chaqirgan fuqarolar jarimaga tortilmoqda

Mamlakatimizda karantin talablari yumshatilib, maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq joriy yil 1-iyundan boshlab oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni 30 kishilik tartibda oʻtkazishga ruxsat berildi.
Ammo ayrim fuqarolarning mazkur qoidalarga nisbatan befarqligi va oʻzboshimchaligi koronavirus infeksiya tarqalishi holatlarining keskin oshishiga sabab boʻlmoqda.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, respublikamiz boʻyicha birgina toʻy va marosim oʻtkazish bilan bogʻliq bir kunda 300 tagacha qoidabuzarliklar sodir etilgan.
– Ushbu yoʻnalishda Sirdaryo viloyatida 16, Jizzaxda 21, Navoiyda 32, Buxoroda 48, Andijonda 14, Namanganda 74, Qashqadaryoda 41, Surxondaryoda 10 ta va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 27 ta huquqbuzarliklar aniqlangan, – dedi IIV axborot xizmati boshligʻi Sh.Gʻiyosov. – Karantin davrida marosimlarni oʻtkazishning belgilangan talablariga rioya qilmagan fuqarolar oʻrnatilgan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi Birdamlik mahallasida yashovchi fuqaro B.Shokirovning 28-sentyabr kuni oʻtkazilgan nikoh toʻyiga toʻy egalari 30 kishidan koʻp odam chaqirib, karantin qoidalarini buzgan. Shu sabab fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-modda 2-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur huquqbuzarlik uchun fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha, mansabdor shaxslar esa oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima toʻlashlariga sabab boʻladi.

 

Gulnoza BOBOYEVA,OʻzA