Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutida Oʻzbekiston Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi koʻmagida tibbiyot sohasi mutaxassislarini Kanada standarti boʻyicha oʻqitish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, sentyabr oyining oxirida Nukus shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Milliy palata raisi Rovshan Izamov hamda Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti rektori Oral Ataniyazova mazkur masala boʻyicha kelishib oldi.
2019-yil oxirida Milliy palata va Kanada xalqaro qirollik kolleji tomonidan Oʻzbekistonda tibbiyot sohasi mutaxassislarini Kanada standarti boʻyicha oʻqitish imkoniyatlarini yaratish maqsadida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangandi. Bunga asosan kuchli oʻqituvchi-professorlar tarkibiga, tibbiyot sohasidagi jiddiy fundamental tadqiqotlarga ega Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti mamlakatimizdagi ilgʻor OTM sifatida oʻqitishning Kanada dasturi asosida diplomdan soʻnggi taʼlim uchun akkreditlashgan kurs shakllantirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Tibbiyot sohasida xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish Oʻzbekiston rahbariyatining Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi oldiga qoʻygan muhim vazifalardan biri sanaladi.Ushbu mustahkam loyiha uchun bu yoʻnalishda sogʻliqni saqlash sifati bilan taniqli Kanada tanlangan.
Uch tomon ishtirokidagi onlayn forumda Kanada xalqaro qirollik kolleji Oʻzbekiston tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va oʻqitish dasturini akkreditatsiyadan oʻtkazish bilan yakunlanadigan amaliy ishga tayyor ekanligini tasdiqladi. Bu esa shifokorlarga Kanadada va Kanada taʼlimi tan olingan mamlakatlarda ishlash imkonini beradi.
Nukusda R. Izamov va O. Ataniyazova Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti bazasida Milliy palata koʻmagida “COVID-19” bilan kurash olib borayotgan shifokorlarning malakasini oshirish maqsadida simulyatsion oʻquv kursi ochish imkoniyatini ham muhokama etdi. Shu maqsadda Milliy palata barcha zarur zamonaviy uskunalar va pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro tajribaga asoslangan soʻnggi uslubiy qoʻllanmalarni yetkazib berishni rejalashtiryapti.
Pandemiyaning oʻtishi tajribasi shuni koʻrsatdiki, “COVID-19” bilan kasallangan bemorlarni sifatli davolashda tibbiyot xodimlarining malakasi, ularning zamonaviy uskunalar, xususan, oʻpkaga sunʼiy havo yetkazib berish uskunasi bilan ishlash tajribasi hamda har bir bemorning individual xususiyatlarini inobatga olish muhim rol oʻynaydi. Amaldagi shifokorlarning va talabalarning bunday maxsus kursni oʻtashi bemorlarni pandemiya kabi favqulodda holatlarda davolashni sezilari darajada yaxshilaydi.
OʻzA