Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlanib Navoiy davlat konchilik instituti Nukus filialida ham “Eʼzozdasiz mudom, ustozlar!” nomli onlayn tarzda bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzining bayram tabrigida: “Ishonchim komil, xalqimiz ziyolilarining eng faol vakillari boʻlgan Siz, hurmatli oʻqituvchi va murabbiylar davlatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlar koʻlamini yangi bosqichga koʻtarish, hayotda oʻzini oqlagan maktab – oila va mahalla hamkorligiga asoslangan ijtimoiy tuzum samarasini orttirishda faol qatnashib, barchaga ibrat va namuna boʻlasizlar!” – deb taʼkidlagan edi.
Haqiqatdan ham, ustozlarning yoshlarimizning qalbiga va ongiga ona-Vatanga muhabbat va sodiqlik tuygʻularini singdirish, ularni turli yot gʻoyalardan himoyalash, komil inson etib tarbiyalashdagi fidoiy xizmatlarini barcha ota-onalar, keng jamoatchiligimiz, butun xalqimiz juda yaxshi biladi va alohida qadrlaydi.
Onlayn bayram tadbirida filial direktori F.Xudoyberdiyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi P.Dabilov va boshqalar soʻzga chiqib, barchani umumxalq bayram bilan tabrikladi.
Oʻzining koʻz nurini, qalbini, qolaversa, butun borligʻini bagʻishlab, barchaga ezgulikdan saboq bergan, “Otangdek ulugʻ, onangdek mehribon” aziz ustozlarni hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydigan mashaqqatli va sharafli xizmatlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Onlayn bayram tadbiri filial talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA