Oʻzbekiston va Qatar ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy asoslarni mustahkamlashga intilmoqda

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, bu haqda videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qatar Davlati oʻrtasida shartnomaviy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish boʻyicha tashqi ishlar vazirliklari huquqiy boshqarmalari maslahatlashuvida taʼkidlandi.
Hamkor tomon delegatsiyasiga Qatar tashqi siyosiy idorasining Shartnoma va huquq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Isa Ali al-Muhanadiy boshchilik qildi.
Tadbir davomida tomonlar imzolangan xalqaro shartnomalarning huquqiy maqomini aniqlash, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlarni belgilash, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash masalalarini, shuningdek koʻrib chiqilayotgan hujjatlar loyihalarini muhokama qildilar.
Maslahatlashuv yakuni boʻyicha investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash, ikki yoqlama soliq solishga yoʻl qoʻymaslik, havo qatnovi hamda bojxona ishlarida hamkorlik sohalaridagi bitimlar loyihalarini koʻrib chiqishni faollashtirishga kelishib olindi.

 

OʻzA