Muallimlar haqida soʻz ketganda, mehridaryo deya taʼriflanadi. Zero, ular yosh avlodga bilim berish bilan birga, mehr ham baxsh etadi.
Shu bois yillar oʻtsada, bizlarga saboq bergan ustozlarimizni doimo eʼzozlaymiz, ularga alohida hurmat koʻrsatamiz. Fargʻona viloyatida ham bu sharafli kasbdan qadr topgan insonlar koʻp.
Qoʻqon shahridagi 9-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internati direktori Dildoraxon Mahmudova ham shulardan biri.
Mazkur taʼlim maskanida faoliyat olib borish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Boisi ushbu taʼlim dargohida ishlash uchun oʻqituvchi-murabbiylik mahoratidan tashqari, kasbiga sadoqatli boʻlish, bolalarni yaxshi koʻrish kerak.
Ayni paytda maktabda tayanch harakatida nuqsoni boʻlgan, bolalar falajligi kasalligiga chalingan 241 nafar oʻquvchilar tahsil olayotgan boʻlib, ularga 100 nafar oʻqituvchi-murabbiylar taʼlim va tarbiya beradi. Bu yerda oʻqish, jismoniy tarbiya, kasb-hunarga oʻrgatish ishlari oʻzaro mushtarak holda olib boriladi. Birinchi sinfga qabul qilinadigan oʻquvchilar 9-sinfni tamomlaganidan soʻng taʼlimning keyingi bosqichiga oʻtkaziladi.
Hozirda Fargʻona vodiysi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridan kelib tarbiyalanayotgan bolalarning har biri oʻzgacha olam. Aksariyati harakatsiz, bir joyda boʻlgani uchun hayotga qiziqishi oʻta kuchli, serfikr. Dildora opa ana shunday bolalar ruhiyatini oʻrganish boʻyicha ilmiy ish qilgan, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. Oʻgʻil-qizlarning yashirin isteʼdodini kashf etishni juda yaxshi biladi.
– Har bir bolaga doimo mehr eʼtibor kerak, – deydi D.Mahmudova. – Shu bois ham maktab-internatimizda oʻz kasbiga mehr qoʻyganlar ishlaydi. Darslar toʻliq umumtaʼlim maktab dasturi asosida olib borilib, tibbiy muolajalar, jismoniy tarbiya mashgʻulotlari tashkil etiladi. Tikuvchilik va duradgorlik sexlarida oʻquvchilarimiz hunar oʻrganadi. Maktabimizning moʻjazgina muzeyi ham bor. Pandemiya davrida darslar onlayn tarzda amalga oshirilyapti.
1993-yili mazkur dargohda faoliyat boshlagan Dildoraxon Mahmudova 1997-yildan buyon direktor sifatida jamoani boshqarib kelmoqda. 2001-yili Oʻzbekiston Respublikasi “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2007-yilda II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeniga sazovor boʻldi. Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezident farmoniga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Dildora opa ishlayotgan maktab-internat nafaqat shaharda balki, viloyatda ham taʼlim-tarbiya ishlari samarali yoʻlga qoʻyilgan taʼlim muassasalaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Ilgʻor pedagogik tajribalarni amaliyotga qoʻllash, oʻquvchilarni darsdan tashqari toʻgaraklarga faol jalb qilish va ularni yangi adabiyotlar bilan muntazam taʼminlab borish bu boradagi yutuqlarning asosiy omili boʻlib xizmat qilmoqda. Asosiysi, qalb qoʻrini yoshlarga baxsh eta olayotgan bu jamoa doimo izlanishda.
M.SULAYMONOV, OʻzA