Rossiyada yuqori maoshli ishlarga malakali mutaxassislar kerak

Xabaringiz bor yurtimiz delegatsiyasi ayni vaqtda Rossiyada qator uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Bugun Andijon viloyati delegatsiyasi aʼzolari Rossiya savdo-sanoat palatasining qurilish sohasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi hamda kasb-hunarni rivojlantirish oʻquv markazi vakillari bilan uchrashdi.

Unda Rossiya savdo-sanoat palatasi vakillari Moskva shahri va viloyatidagi yuqori maosh taklif etayotgan ish beruvchi kompaniyalarga malakali mutaxassislarga talab yuqori ekanini alohida qayd etdi.Natijada mehnat migratsiyasi va kasbga oʻqitish kurslarini tashkil etish yoʻnalishida hamkorlik yuzasidan uch tomonlama kelishuv imzoladi.

Mazkur kelishuvga asosan, savdo-sanoat palatasi ishonchli ish beruvchilarni tavsiya qilish, fuqarolarni munosib ish oʻrinlariga ishga joylashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarning kasbiy malakasini oshirish choralarini koʻradi. Jumladan, qurilish uchun 3 mingdan ziyod, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida 500 dan ortiq malakali va rus tilini biladigan mutaxassislarga talab mavjud.

Tadbir yakunida mehnat migratsiyasi sohasida Andijon va Moskva oʻrtasida tizimli ishlarni tashkil etish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.

 

OʻzA