Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Sizga taʼzim ustozlar” mavzusida onlayn bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
ZOOM dasturi orqali karantin qoidalariga amal qilgan holda tashkil etilgan bayram tadbirida institut professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Bugungi kunda mazkur oliy oʻquv yurtida 130 dan ortiq professor-oʻqituvchi faoliyat olib boryapti. Ularning 7 nafari birgina joriy yil mustaqillik bayrami arafasida davlatimizning yuksak unvon hamda mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu davlatimiz tomonidan oʻqituvchi, murabbiylarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilayotganining amaldagi tasdigʻidir. Pedagoglarning mehnati moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilib borilayotgani natijasida taʼlim tizimi bosqichma-bosqich takomiliga yetkazilyapti.
Bayram munosabati bilan institutda fidokorona mehnat qilib kelayotgan oʻqituvchilar yana bir bor ulugʻlandi.
Oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan insonlarning mehnati oʻz samarasini berib, bugungi kunda mazkur institut bilan dunyoning 24 ta turdosh oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Tadbir doirasida Oʻquv teatr binosida institut jamoasi tomonidan tayyorlangan oʻqituvchi-murabbiylarni sharaflovchi kengaytirilgan bayram dasturi namoyish etildi.