Bemorlar “Covid-19”dan toʻliq sogʻayganidan keyin ham ularda maʼlum muddat virus saqlanib qolishi mumkin

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nurmat Otabekov ishtirokida birifing boʻlib oʻtmoqda.
Unda taʼkidlanishicha, bemorlar “Covid-19” dan toʻliq sogʻayganidan keyin ham maʼlum bir muddat davomida ularda viruslar saqlanib qolishi mumkin ekan.
– Bunga misol tariqasida shuni koʻrsatish mumkinki, baʼzi hollarda kasallikdan sogʻayib, klinik belgilari toʻliq yoʻqolib ketgan shaxslarda ham laboratoriya (10-20 marotabagacha) musbat natija bermoqda, – dedi N.Otabekov. – Shu bois, davolanishdan keyin ham yana 2 haftalik reabilitatsiya chora-tadbirlari belgilanadi. Toʻliq davolanmagan bemordan uning atrofidagilarga kasallikni yuqishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Brifingda qayd etilishicha, qandaydir virus antigeniga qarshi hosil boʻlgan antitanacha aynan shu virusdangina himoya qila oladi. Koronavirus yuqqanidan keyin koʻp yoki kam miqdorda boʻlsa ham antitanachalar paydo boʻladi.
– Antitanachalar turlicha boʻlib, agar organizmda immunoglobulin-M antitanachasi boʻlsa, kasallik rivojlanayotganini koʻrsatadi, immunoglobulin-G esa organizm kasallikdan toʻliq forigʻ boʻlib, immun tizim shakllanganidan dalolat beradi, – deydi N.Otabekov. – Ikkalasining nisbatiga qarab, bemor kasallikning qaysi darajasida ekanini aniqlash mumkin. Shuning uchun agar odamga virus yuqsa, aynan ushbu virusga qarshi kurashadigan antitanachalar hosil boʻladi. Qandaydir virus antigeniga qarshi hosil boʻlgan antitanacha aynan shu virusdangina himoya qila oladi.

 

M.Qosimova, OʻzA