Oʻzbekistonga Rossiyada ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi “Avifavir” preparati yetkazib berilgani xabar qilinmoqda.
Aholi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini qiziqtirayotgan ushbu preparat haqida toʻliqroq maʼlumot hamda uni qayerdan va necha soʻmga olsa boʻladi, degan savolga Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nurmat Otabekov javob berdi:
– 2020-yil 30-mayda Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Rossiyada “Covid-19”ni davolash uchun birinchi dori vositasini roʻyxatdan oʻtkazdi, – deydi N.Otabekov.
– Preparat “Avifavir” deb nomlangan boʻlib, ushbu preparat “Covid-19” virusi koʻpayish mexanizmini buzishi, toʻgʻridan-toʻgʻri virusga taʼsir qilishi bilan ajralib turishi klinik tadqiqotlar paytida isbotlangan.
“Covid-19”ga chalingan bemorlarni davolashda yuqori samaradorlikni koʻrsatmoqda. Haqiqatdan ham sotuvda ushbu preparat yoʻq. Biroq Oʻzbekiston Respublikasi Xitoy va Hindistonda ishlab chiqilgan “Avifavir” preparatini “Mehr-shafqat” jamgʻarmasi hisobidan xarid qilgan va ushbu preparat bemorlarni davolash uchun ishlatilmoqda.
Mohigul Qosimova, OʻzA