Tadqiqotchilar oddiy epidemiologik modeldan foydalanib, “COVID-19”ning yaqin yillardagi koʻlami va muddatini oʻrganib chiqishdi.
Prinston universiteti olimlari bu borada turli ssenariylarni koʻrib chiqdilar. Ular “SARS-CoV-2”ga qarshi immunitet qarshiligining davomiyligi va samaradorligini, shuningdek virusning vaksinaga qarshi ehtimoliy riaksiyasi hamda nofarmatsevtik choralar, yaʼni korxona va maktablar yopilishi, harakatlar cheklanishi yoki toʻliq izolyatsiya qilinishi bilan bogʻliq vaziyatlarni oʻrgandilar.
Mualliflar infeksiya tabiatidagi hozirgacha maʼlum boʻlgan barcha jihatlar, kasallik oqibati, birinchi va ikkinchi yuqtirishning oʻziga xos tomonlari hamda tabiiy infeksiyalash yoki vaksinatsiyalashdan keyin immunitet qarshiligiga ega boʻlish darajasisini ham eʼtiborga oldilar.
Natijalar shuni koʻrsatdiki, koronavirus pandemiyasining global miqyosdagi kelgusi trayektoriyasi shakllanishidagi asosiy jihat vaksinalash natijasida paydo boʻladigan immunitetning kuchi va mustahkamligiga bogʻliq boʻladi. Tadqiqotchilar fikricha, kuchli va uzoq muddatli immun qarshiligini shakllantiradigan vaksina kelgusida infeksiya tarqalishini sezilarli ravishda kamaytirishi mumkin.
“Shu vaqtgacha “COVID-19” rivojlanishi bilan bogʻliq muhokamalar, asosan, mavsumiy oqibatga, niqob taqish va jismoniy masofa saqlashga bagʻishlangan edi, — deyiladi Prinston universiteti matbuot xabarnomasida.
Mazkur universitet olimi, maqola muallifi Chadi Saad-Royning taʼkidlashicha, bunday choralar qisqa muddatda va pandemiyaning faollashgan bosqichida muhim, biroq kelajakka nazar tashlaydigan boʻlsak, kasallikka qarshi kurashda aynan immunitet eng muhim jihatga aylanadi”.
Insonning yoshi yoki tuzalishni qiyinlashtiradigan surunkali kasalliklar kelajakda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmay qoʻyadi.
“Biz hozircha tabiiy immunitetning “SARS-CoV-2”ga qarshiligi qancha davom etishi yoki vaksina kuchini bilmaymiz», — deydi izlanuvchilardan biri – Kanadaning Makgill universiteti biomuhandislik kafedrasi dotsenti Kerolayn Vagner.
“Qayta yuqtirish mumkinmi?”, “Insondagi immun qarshiligi infeksiyaning boshqa odamga yuqishini toʻxtata oladimi?” qabilidagi ayrim savollarga javob topish juda muhim. Bularning bari infeksiya tarqalishining kelgusi oʻsish surʼatiga taʼsir qiladi”, deydi u.
Agar immunitet kuchsiz boʻlsa yoki qayta kasallanishdan vaqtincha himoya qilsa, bunday holatda maqola mualliflarining fikricha, yaqin muddat ichida yirik va jadal tarqalishni kutish mumkin. Immun qarshiligining tavsifi klinik natijaga va ogʻir holatlar soniga taʼsir koʻrsatadi.
Olimlar qayd etishicha, barcha ssenariylarda kuchli immunitet qarshiligini koʻrsatadigan vaksina kelgusida COVID-19 bilan kasallanish holatlari sonini sezilarli ravishda kamaytira oladi. Hatto, qisman himoya qiladigan vaksina ham keng miqyosda qoʻllanadigan boʻlsa, kasallik tarqalishiga sezilarli ravishda toʻsiq boʻladi.
Koronavirus pandemiyasini bartaraf etish uchun dunyo olimlari izlanishlarni bir zum ham toʻxtatgani yoʻq, albatta. Afsuski, hozircha uzil-kesil natijaga erishilmayapti. Bunday paytda shaxsiy gegiyenaga rioya qilish, niqob taqib yurish, ijtimoiy masofa saqlash qoidasiga qatʼiy amal qilish hamon dolzarbligini esdan chiqarmaslik lozim.
Kuni kecha BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh taʼkidlaganidek, «dunyo dahshatli sarhadga yetdi. COVID-19 pandemiyasi bir million kishining yostigʻini quritdi. Bu insoniyatni larzaga soladigan raqamdir”.
“Biz ushbu muammoni yengib oʻtamiz! Xatolardan saboq chiqarishimiz lozim. Muhimi, masʼuliyatli boshqaruv, ilm-fan va hamkorlik”, – deya taʼkidladi Guterresh.
Bosh kotib dunyo vaksinaga hozircha ega emasligini eslatib, yana bir bor odamlarni ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish va qoʻlni yuvib yurishga chaqirdi.