Mintaqa tinchligi va obodligi yoʻlidagi jonfidolik

Aks-sado
 
Mamlakatimiz rahbarining dunyoning eng yuksak minbaridan turib aytgan soʻzlari, bir tomondan, qalbimizga juda katta gʻururni jo qilsa, ikkinchi tomondan, dunyoning naqadar murakkab bir vaziyatda yashayotganligini, hali insoniyat oʻz hayotini izga solishi uchun oldimizda nechogʻli ulkan vazifalar turganligini anglatadi. 
Ayniqsa, sayyoramizni oʻrab olgan global falokat insoniyatning eng nozik xilqat ekanligini, bu balo oʻzining tahlikasi bilan naqadar zaif ekanligimizni koʻrsatib qoʻydi.
Prezidentimiz qisqa soʻzlagan boʻlsa-da, nutq insoniyatning qanday kunlarni boshidan kechirayotganligi, mamlakatimizning qaysi yoʻldan borayotganligidan to mintaqa farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan siyosatgacha, oziq-ovqat xavfsizligidan mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratik oʻzgarishlar borasidagi yutuqlargacha, gender tenglikni taʼminlash borasidagi siyosatdan to inson huquqlarigacha boʻlgan tashabbuslarni, qarashlarni qamrab olganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Bulardan tashqari, ilgari hech bir rasmiy va xalqaro darajalarda tilga olinmagan bir holatning, yaʼni Oʻzbekistonda aholining kambagʻal qatlami mavjudligi, pandemiya sababli davlat byudjetining xarajatlari oshishiga qaramasdan kambagʻallikni qisqartirish borasida Oʻzbekistonning tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash, odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʻrgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish orqali amalga oshirayotgan ishlari yuksak minbardan turib alohida qayd etildiki, buni butun dunyo oʻrgansa arziydi.
Mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekistonning diniy erkinlik sohasida amalga oshirayotgan ishlarini ham alohida taʼkidlab oʻtdi. Zero, bugungi murakkab zamonda mafkuraviy qarama-qarshiliklar, diniy ekstremizm va boshqa qarama-qarshiliklar tobora avj olib borayotgan bir davrda diniy erkinlik, umuman, sohaning nafaqat mamlakat yoki mintaqa xavfsizligi uchun, balki davlatning dunyoviy taraqqiyotini taʼminlash, xalqaro imidjini yuksaltirish masalalari bilan ham nechogʻlik bogʻlik ekanligini anglab yetishimiz lozim.
Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilanganligi, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifa boʻlib qolayotganligi, bu koʻpmillatli va koʻpkonfessiyali davlatimizning strategik vazifasi ekanligi alohida taʼkidlandi. Bu esa Oʻzbekistonning demokratik taraqqiyot yoʻlidan olgʻa borayotganligini koʻrsatadi.
Maʼlumki, Markaziy Osiyo mintaqasining yuragida joylashgan Oʻzbekiston mintaqa barqarorligi uchun juda katta masʼuliyatni yelkasiga olmoqda. Mintaqa xavfsizligi bilan bir qatorda, uning beqarorligidan ham manfaatdor kuchlar mavjud va bu vaziyat mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va hurmat muhitini yaratishni taqozo etadi. Oʻzbekiston rahbarining bu boradagi tashabbuslarini bugun dunyo eʼtirof etmoqda.
Erishilgan natijalar, yaʼni Markaziy Osiyo davlatlarining tobora chuqurlashib borayotgan hamkorligi, ming yillik ogʻa-inilarcha oʻzaro aloqalarning rivojlanayotganligi, har qanday sharoitda va vaziyatda ham muammolar, oʻz yechimini kutib, toʻplanib qolgan masalalar, avvalo, oʻzaro hurmat asosida yelkadosh boʻlib hal etilayotganligi va ular oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy munosabatlarning taraqqiy etishi singari yutuqlar Oʻzbekiston rahbarining diplomatik muvaffaqiyati ekanligida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi doirasida mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazilishi tashabbusi ham Oʻzbekistonning sobitqadam va tinchlikparvar siyosatini, ulkan masʼuliyatini anglatadi. Zero, bugungi davrda Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzining ortishi, reytingining yuksalishi Prezidentimizning pragmatik siyosati hosilasidir.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan eng dolzarb tashabbuslardan, strategik vazifalardan yana biri – bu mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlash ekanligi aytilgani, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif etilganidir. Agar ushbu tashabbuslar dunyo yuzini koʻradigan boʻlsa, yaqin kelajakda Markaziy Osiyo farovonligi yana-da ortishi, mintaqa dunyoning global bozorlariga jadal integratsiyalashuvning kafolati boʻlib xizmat qilishi tabiiy.
Markaziy Osiyoning taraqqiyoti, farovonligi, barqarorligi haqida soʻz yuritganda, Afgʻoniston muammosini hisobga olmaslikning imkoni yoʻq. Bu Prezidentimizning mazkur chiqishi yana bir bor professional siyosatchi, qoʻshni davlatlar uchun ham jon kuydiradigan mohir diplomat sifatida eʼtirof etilishiga sabab boʻldi.
Zero, ushbu jafokash qoʻshnimiz, 40 yildan ortiq vaqt davomida koʻrgani urush boʻlgan, iqtisodiy va ijtimoiy hayoti butunlay izdan chiqqan Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, ushbu mamlakatda normal turmush tarzini vujudga keltirish borasida hali hech kim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevchalik kuyinmagan va tashabbus koʻrsatmagan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻz rahbarligining ilk kunlaridan boshlab Shavkat Mirziyoyev tomonidan afgʻon zaminidagi kuchlarni oʻzaro kelishtirish, bir stol atrofiga jamlash, yarashishi uchun shart-sharoit yaratish, har bir tomonni tinglash, mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan tiklash, afgʻon xalqining ham tinch-osoyishta kunlarga yetishi bilan bogʻliq shunchalik koʻp tashabbuslar ilgari surildiki, aynan shular afgʻonlararo tinchlik muzokaralari uchun asos boʻlganligi nafaqat Afgʻonistondagi turli kuchlar va guruhlar tomonidan, balki butun dunyo jamoatchiligi, siyosatchilari va ekspertlari tomonidan tan olinmoqda.
Mintaqaning kelajagini belgilaydigan yana bir strategik gʻoyaning, tashabbusning mazmuni shu boʻldiki, bu ham boʻlsa, Afgʻonistonning tinchlik jarayonlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy eʼtiborida boʻlishi lozimligidir. Shu nutqai-nazardan ham, afgʻon xalqining ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozimligi va uning asosiy vazifasi Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarurligi juda katta strategik tashabbus sifatida ilgari surildi.
Markaziy Osiyodagi global darajadagi muammo – Orol dengizi qurishining oqibatlari ekanligi hech birimizga sir emas. Nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun mintaqaning gʻam-tashvishini oʻzi uchun begona sanamaydigan Prezidentimiz dunyo rahbarlarining eʼtiborini yana bir bor ushbu masalaga qaratganligi esa global halokatning naqadar dolzarbligini koʻrsatib turibdi.
Zero, mamlakatimiz yetakchisi bugungi kunda nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning farovonligi uchun jon kuydirayotgan, mintaqani sanoati rivojlangan, obod va dunyo bilan keng integratsiyalashgan hududga aylantirish orzusi bilan yashab, shunga monand mehnat qilayotgan yetakchi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bektosh Berdiyev,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi xalqaro munosabatlar kafedrasi katta oʻqituvchisi.

 

O’zA