Tadbir 28-29-sentyabr kunlari Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro arxivlar kengashi, BMT Taraqqiyot dasturi, “Twitter” ijtimoiy tarmogʻi, “Ochiq hukumat” hamkorligi tashabbusi, “Transparency International” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi kabi yetakchi tashkilot va tuzilmalarning rahbariyati ishtirokida oʻtkazilmoqda.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston bu kabi nufuzli forumga taklif qilingan yagona mamlakat ekanini alohida taʼkidlash muhim. Bu Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan shaffoflik va erkin fikrlilikni taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan siyosat natijasida mamlakatimizda roʻy bergan oʻzgarishlar eʼtirofidir.
Tadbir toʻgʻridan-toʻgʻri efirda Tashkilotning rasmiy veb-sayti hamda uning barcha yirik ijtimoiy platformalardagi kanallarida keng yoritildi.
Ushbu sana 2019-yilda BMT Bosh assambleyasining 28-sentyabrni Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni deb eʼlon qilishiga doir rezolyutsiyasi qabul qilinganidan keyin birinchi marta global darajada nishonlanmoqda. Bunga qadar u 2015 yida mazkur bayramni taʼsis etgan UNESCO doirasida nishonlangan.
Axborotning “COVID-19” pandemiyasiga qarshi kurashishdagi muhim rolini inobatga olib, tadbir mavzusi sifatida “Axborot olish – hayotlarni qutqarib, ishonchni mustahkamlab, umid bagʻishlab” tanlangan. Maʼruzachilar pandemiya sharoitida jamiyatni axborot bilan taʼminlashning turli jihatlarini xalqaro tuzilmalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, shuningdek xususiy sektor nuqtayi nazaridan yoritishdi.
Oʻzbekiston tomon mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida OAVni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning asosiy yakunlari boʻyicha batafsil taqdimotini oʻtkazdi. Oʻzbekistonda OAVni liberallashtirish va ularning jamiyatdagi rolini mustahkamlash, soʻz erkinligi va jurnalistlar huquqlarini targʻib qilish, hukumat faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, davlat tashkilotlari hamda aholi oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash yoʻlida qilingan ishlar aniq misollar bilan yoritib berildi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mevasi oʻlaroq, jamiyat hayotida ijtimoiy-siyosiy faol qatlamning paydo boʻlayotgani, kuchli fuqarolik jamiyati sari ildam qadamlar qoʻyilayotganiga alohida urgʻu berib oʻtildi.
Tadbir doirasida taʼkidlanishicha, axborot olish koʻlamining kengayishi boshqa sohalardagi yutuqlar bilan bir qatorda “COVID-19” pandemiyasiga qarshi umumqamrovli strategiyani samarali amalga oshirishga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Mazkur strategiya toʻrt asosiy elementga asoslanadi:
1. Ommaviy axborot kampaniyasini oʻtkazish;
2. Virus yuqtirganlar va qurbonlar statistikasini muntazam ravishda taqdim etish;
3. OAV va blogerlarning dezinformatsiya (yolgʻon maʼlumot tarqalishi)ga qarshi saʼy-harakatlarini birlashtirish;
4. Ilmiy va boshqa platformalarga onlayn kirishni taʼminlash uchun katta resurslarni safarbar etish.
Yuqori darajali onlayn-muhokama davomida Oʻzbekiston Hukumatining UNESCO bilan hamkorlikdagi XAUFK boʻyicha xalqaro anjumanini 2021-yilning kuzida Toshkent shahrida oʻtkazish istagi bildirildi.
Ushbu tadbirni respublikamizda tashkil qilishga doir kelishuvga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarlari Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva (hozirda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi)ning UNESCO bosh direktori Odri Azule bilan 2020-yilning 9-yanvarida Parij shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvi davomida erishilgan.
Oʻzbekiston tomoni keyingi yilga rejalashtirilgan bu anjuman davlatlarda yuz berishi mumkin boʻlgan axboriy inqirozlar va muammolarning oldini olish va ularga qarshi kurashish yoʻlida UNESCO hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga urgʻu berdi.
Tadbir doirasida shuningdek professional jurnalistika va ishonchli axborot olish tizimini yaxshilash, chaqiriqlarga samarali reaksiya bildirish borasida eng yaxshi tajriba bilan almashish va ilgʻor texnologiyalar hamda raqamli platformalar qamrovini kengaytirish kabi dolzarb masalalarning muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.
UNESCO Bosh kotibi Odri Azule va tadbirning boshqa ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga kelgusi yilda bu qadar muhim tadbirni oʻtkazishga tayyor ekanligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirishdi.