Doʻstlik rishtalari mustahkamligi yoʻlida

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yigʻilishida ishtirok etish uchun 2020-yil 29-sentyabr kuni Dushanbe shahriga tashrif buyuradi.
Ayni paytda mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat xodimlaridan iborat delegatsiya qoʻshni mamlakatda mehmon boʻlib turibdi.
Madaniyat vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, mamlakatimiz delegatsiyasi dastlab Xoʻjand shahrining tarixiy-madaniy obidalari, xususan Xoʻjand qalʼasi, Soʻgʻd viloyati tarixi muzeyi va Kamol Xoʻjandiy uy muzeyi bilan tanishdi.
Shundan soʻng madaniyat vaziri O.Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahridagi Tojikiston davlat kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Kutubxonada Oʻzbekiston va Tojikiston davlat rahbarlari, ikki davlat olimlari, yozuvchi va shoirlarining kitoblaridan iborat maxsus koʻrgazma tashkil etildi. Shu yerda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbarining Tojikiston madaniyat vaziri Davlatzoda Zulfiya Davlat bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, mushtarak maʼnaviy qadriyatlar birlashtirib turishi taʼkidlandi. Darhaqiqat, ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalq deya ataladigan oʻzbeklar va tojiklar azaldan qon-qardosh boʻlib yashab kelgan.
photo_2020-09-28_19-53-02.jpg
Bugungi kunda ham xalqlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik aloqalari va mamlakatlarimizning barcha sohalardagi hamkorligi anʼanaviy tus olmoqda. Soʻnggi yillarda oʻzaro aloqalarda ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining uzoqni koʻzlab olib borayotgan siyosati, oʻzaro ishonchga asoslangan ochiq muloqotlari hamda ushbu uchrashuvlar chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tojikiston Respublikasi madaniy sohaning barcha yoʻnalishlarida Oʻzbekiston Respublikasi bilan yaqin hamkorlik qilish va mavjud ikki tomonlama huquqiy bazani mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.
Mazkur anjuman hamda madaniy sohadagi kelgusi tadbirlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yuksaltirish va ikki birodar xalq orasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ikki mamlakat kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot maskanlarida saqlanib kelayotgan nodir tarixiy qoʻlyozmalar faksimiliyalari bilan almashishni yoʻlga qoʻyish borasidagi Oʻzbekiston tomonining taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
O.Nazarbekovning koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar bekor qilinishi bilan Oʻzbekiston Respublikasida Tojikistonning madaniyat kunlarini oʻtkazish hamda madaniyat sohasidagi idoralararo Bitimni yangilash haqidagi taklifiga ijobiy munosabat bildirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston madaniyat vaziri tomonidan oʻzbek va tojik xalqlarining umumiy nomoddiy madaniy merosini YUNESKO roʻyxatiga kiritish boʻyicha nomzodnomani birgalikda tayyorlash hamda Maqom sanʼati yoʻnalishida hamkorlikni yana-da kengaytirish taklif etildi.
photo_2020-09-28_19-53-07.jpg
Tashrif doirasida ijodkorlarning “Doʻstlik – bizning azaliy maqsadimiz” mavzuidagi davra suhbati ham boʻlib oʻtdi. Bunday muloqotlar mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha sohada, xususan madaniy aloqalarni izchil rivojlantirish uchun zamin yaratishiga eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Prezidentining ikkitomonlama munosabatlarda mavjud boʻlgan barcha masalalarni yechish boʻyicha amalga oshirgan saʼy-harakatlari Tojikistonda yuksak qadrlanadi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi chegaralar ochilib, transport tizimlari tiklanib, fuqarolarning erkin bordi-keldi qilishlari uchun imkoniyatlar yaritilgani Tojikiston jamoatchiligi tomonidan olqishlandi.
Soʻnggi 30 yil davomida qayta tiklangan va anʼanaga aylangan ikki davlat madaniyati kunlari, musiqa, tasviriy sanʼat, teatr, kino, ilm-fan va taʼlim sohalarida amalga oshirilgan ikki tomonlama tadbirlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishdagi saʼy-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Tomonlar bir-birlarining hududlarida, xususan chegaraoldi mintaqalarida oʻtkazilayotgan xalqaro madaniy tadbirlarda faol qatnashmoqda.
photo_2020-09-28_19-53-11.jpg
Bu oʻrinda, joriy yilning 11-12-sentyabr kunlari Sarazm shahrining 5500-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro simpoziumda Oʻzbekiston olimlari faol qatnashgani hamda 14-15-sentyabr kunlari Dushanbeda tashkil etilgan Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonchni mustahkamlash va oʻzbek-tojik strategik sherikchiligida yangi sahifa ochishga qoʻshgan hissalari mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiyani yuksak saviyada oʻtkazishda koʻrsatilgan jonbozlik uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirildi.
Tadbirda ikki mamlakat madaniyat vazirliklari xomiyligida Madaniy kengash tashkil etish va unga ilmiy muassasalar oʻrtasidagi hamkorlikning monitoringini olib borish, tegishli hisobotlar tayyorlash va qoʻshma chora-tadbirlar rejasi (Yoʻl xaristasi) loyihasini ishlab chiqish vazifasini qoʻyish borasidagi taklif ilgari surildi.
Tojikiston tomoni COVID-19 pandemiyasi tufayli kiritilgan cheklovlar oqibatida bir muncha pasaygan ilmiy-madaniy muloqot va aloqalarni qisqa muddatlarda qayta tiklash va yana-da kengaytirishdan manfaatdorligini taʼkidladi.
Madaniy dastur doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Dushanbe shahridagi “Navroʻz” saroyi va Tojikiston milliy muzeyi bilan ham tanishdi.
Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi va Tasviriy sanʼat va dizayn davlat institutida muloqotlar oʻtkazdi. Uchrashuvlar yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy filiali va Tojikiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi geologiya, zilzilaga chidamli qurilish va seysmologiya instituti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

 

N.Usmonova, OʻzA