Yaratilgan sharoit ish unumdorligini oshirmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shoʻmanay va Chimboy tumanlari fermer xoʻjaliklari paxta dalalarida boʻldi.
Shoʻmanay tumanidagi “Begjap”, “Birleshik”, “Mamiy”, “Qarabayli”, “Agʻjap” ovul fuqarolar yigʻinlaridagi bir qator fermer xoʻjaliklarida holatlarni oʻrgangan ishchi guruh aʼzolari paxta yigʻim-terimi mavsumi yuqori tashkilotchilik bilan olib borilayotganligiga guvoh boʻlishdi. Tumanda birinchilardan boʻlib paxta xomashyosining har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1200 sӱmdan toʻlash yoʻlga qoʻyilgan. Dala boshida issiq ovqat, ichimlik suvi, ovqatlanish uchun maxsus joylar bilan taʼminlangan. Tuman madaniyat boʻlimi tashabbusi bilan har kuni terimchilar uchun konsert dasturlari tashkil etilmoqda.
– Tumandagi ishsiz xotin-qizlar mavsumiy ish bilan band, – deydi “Qarabayli invest” fermer xoʻjaligida shartnoma asosida terimchilik qilayotgan Sapargul Tursinbayeva. – Terim pullarini har kuni berib turibdi. Kilogrammiga 1200 soʻmdan berishyapti. Kecha 130 kilogramm paxta terdim. Bugun ham shunga yarasha mehnat qilyapmiz. Fermer xoʻjaligi rahbaridan minnatdormiz.
Respublika ishchi guruhi aʼzolari Chimboy tumaniga ham tashrif buyurdi. Bu yerda terimchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ular bilan suhbatlashdi.
“Jaqsiliq”, “Abdijamol bobo”, “Boyniyaz Qidirniyazov” fermer xoʻjaliklari dalalarida terimchilar bilan suhbatda terim mavsumi boshlangandan buyon har kuni sanitariya xodimlari terimchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turganligi, zarur boʻlgan barcha sharoitlar yaratilganligini taʼkidlashdi.
– Terim pullarini vaqtida olyapmiz, – deydi ilgʻor terimchilardan biri A.Xalmuratova. Mehnat shartnomalari tuzilgan. Har kuni 130-150 kilogramm paxta teraman. Fermer dala boshida issiq ovqat va ichimlik suvi bilan taʼminlab qoʻyibdi,
Ishchi guruhning navbatdagi manzili Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Taxtakoʻpir tumanlari boʻldi.
Ular Qonlikoʻl tumanidagi “Arzimbet qum” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Daryoboy Qaqsabin”, “Sadulla Qonlikӱl”, “Navroʻz” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Oygul Daniyar qizi”, Qoʻngʻirot tumani “Xorazm” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Agromilk Qoʻngʻirot”, “Mehnatobod” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Qӱnarbay”, shuningdek, Qoraoʻzak tumanidagi “Berdaq” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Qoraӱzakli Botirbay”, “Amirbay ota”, Sabir Kamalov ovuli fuqarolar yigʻinidagi “Davlat-1”, Taxtakoʻpir tumani “Taxtakoʻpir” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Qahramon Taxta”, “Jarilqasin Saxan”, “Qoraӱy” ovul fuqarolar yigʻindagi “Jamal-39” fermer xoʻjaliklari dalalarida terimchilar bilan suhbatlashdi.
Fermer xoʻjaliklarida holatlarni oʻrgangan ishchi guruh aʼzolari paxta yigʻim-terimi mavsumi yuqori tashkilotchilik bilan olib borilayotganligiga guvoh boʻlishdi.
Oʻrganish davomida fermer xoʻjaliklar tomonidan paxta terimchilarga 1 kilogramm paxta uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 200 soʻm pul mablagʻi qoʻshib toʻlanayotganligi aniqlandi. Dala boshida issiq ovqat, ichimlik suvi, ovqatlanish uchun maxsus joylar bilan taʼminlangan. Tumanlardagi madaniyat boʻlimlari tashabbusi bilan har kuni fermer xoʻjaliklari dalalarida mehnat qilayotgan terimchilar uchun konsert dasturlari tashkil etilmoqda.
Uzoq joydan keladiganlar qatnovi uchun qoʻyilgan avtobusga chiqishdan oldin sanitariya-epidemiologiya markazlari mutaxassislari tomonidan terimchilarning sogʻligi tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. Tumanlarda mutasaddi tashkilotlar tomonidan ilgʻor terimchilarga sovgʻalar topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA