Faoliyatini tiklagan maktablar 76,3 foizga yetdi

Pandemiya sharoitida 2020-2021 oʻquv yilidan maktablar faoliyati bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyila boshlanganidan xabardorsiz.
Maktablarning ochilishi toʻgʻrisidagi qarorlar har bir maktab boʻyicha individual tarzda sanitariya-epidemiologik vaziyat inobatga olingan holda mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan soʻng qabul qilinmoqda.
Xususan, 7-sentyabr kuni mamlakatimizda 431 ta (4,3 foiz) maktab faoliyatini boshlagan boʻlsa, 14-sentyabrdan 2 ming 560 ta (25,6 foiz), 21-sentyabrda 4 ming 379 ta (43,9 foiz) maktab ish boshladi.
Xalq taʼlimi vazirligi maʼlumotiga koʻra, 28-sentyabr kuni faoliyatini tiklagan maktablar 76,3 foizga yetdi. Bugun oʻz faoliyatini toʻlaqonli ravishda olib borayotgan maktablar soni 7 ming 620 tani tashkil qildi.
Maktab faoliyati tiklanmagan yoki onlayn oʻqish istagini bildirgan oʻquvchilarning taʼlim olishi “Onlayn-maktab” loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali taʼminlanmoqda.

 

OʻzA