Mintaqaning kelgusi rivojlanishini belgilab bergan tashabbuslar

Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatini belgilashda, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishda va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.
Maʼlumki, Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning yetakchi davlatlari manfaatlari kesishadigan chorrahada joylashgan, bu esa ulardan kuchlar muvozanatini saqlash uchun yana-da moslashuvchan, doʻstona va maqsadli siyosat yuritilishini taqozo qiladi.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi ishtiroki va u tomondan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat mamlakatn, balki mintaqaning kelgusi rivojlanishini belgilab beradi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari 2016-yilda Sh.Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganidan soʻng kuchayib ketdi va jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda.
Davlat rahbari izchillik bilan Markaziy Osiyo mintaqasi duch kelayotgan dolzarb masalalar va muammolarni hal qilish bilan shugʻullanmoqda. Ular orasida Orol inqirozi eng dolzarb boʻlib, ushbu muammo yechimi mintaqa davlatlarining ekotizimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yili BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tashkil qilindi va uning faoliyatiga 26,1 million dollarlik donorlik mablagʻlari jalb qilindi. 2020-yilda 200 million dollarlik qarz va grant mablagʻlari yoʻnaltirilishi kutilmoqda. Fond tomonidan birinchi bosqichda 2 ta loyiha moliyalangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi. Bizningcha, ushbu taklif nafaqat mintaqa davlatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ayni paytda Markaziy va Janubiy Osiyoni Yevropa mamlakatlari bilan bogʻlovchi logistika markaziga aylanish maqsadiga yoʻnaltirilgan.
Ayni paytda Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalasi ham dolzarb. Oʻzbekiston Afgʻoniston zaminida tinchlik oʻrnatish maqsadida BMT va manfaatdor tomonlar bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Afgʻoniston boʻyicha hamkorlikning yangi shaklini yaratish – BMT huzurida Afgʻoniston boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi qoʻmita tashkil qilishni taklif etdi.
Shubhasiz, Oʻzbekiston rahbariyatining Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, Yevrosiyo savdo-iqtisodiy va transport hamkorligini yoʻlga qoʻyish borasidagi tashabbuslari BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Ularning amalga oshirilishi yaqin kelajakda xalqaro munosabatlarga jiddiy ijobiy oʻzgarishlar kiritish imkonini beradi va jahon savdo bozorlarining oʻzaro aloqalarini taʼminlaydi.
Magdi Zaʼbal,
Zakazik universiteti professori,
Misr – Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati raisi
Vladimir Voronkov,
BMT Bosh kotibi oʻrinbosari,
Aksilterror boshqarmasi boshligʻi

 

OʻzA