“Al Bayan” gazetasi: Oʻzbekistonning BAA bilan aloqalari keskin rivojlanib bormoqda

Birlashgan Arab Amirliklarining “Al Bayan” gazetasida 2020-yil 24-sentyabr kuni “Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekiston hamkorligining yangi yoʻnalishlari” sarlavhali maqola chop etildi.

Unda muallif, Dubay hukumati maslahatchisi, BAAning sobiq iqtisodiyot vaziri Sulton al-Mansuri Birlashgan Arab Amirliklari – Oʻzbekiston munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari xususida soʻz yuritgan.

photo_2020-09-25_18-03-40.jpg

Maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida soʻzlagan nutqi katta qiziqish uygʻotgani taʼkidlanadi. “Janobi Oliylari oʻz nutqida yorqin kelajak va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarga qarshi puxta tayyorgarlik koʻrish, barcha imkoniyatlardan oqilona foydalanish, noanʼanaviy usullarni joriy qilish borasida toʻxtalib oʻtdilar”, – deb yozadi muallif.

Bu borada u soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning BAA bilan hamkorlik aloqalari keskin rivojlanib borayotganini taʼkidlaydi. Hukumat boshqaruvi samaradorligini oshirish, oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, investitsiyaviy iqlimni rivojlantirish va biznes uchun jozibali infratuzilmani yaratish borasida oʻzaro fikr va tajribalar almashinuvi shular jumlasidan ekani qayd etiladi.

Muallif BMT Bosh Assambleyasi tashkil topganining 75 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtayotgan sessiya muhokamalarida COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik koʻrish asosiy mavzu etib belgilangani yer yuzidagi barcha millatlar bir maqsad doirasida birlashishi zarurligini anglatishiga eʼtibor qaratadi.

Uning taʼkidlashicha, bu borada xar qanday siyosiy, mafkuraviy, etnik va boshqa munosabatlardan qatʼi nazar, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan global muammolarga qarshi kurashishda Oʻzbekiston va BAA doʻstona munosabatlarini namuna sifatida koʻrsatish mumkin. Muallifning fikriga koʻra bu birlashuv doʻstlik aloqalarining yana-da kengayib chuqurlashib borishiga xizmat qiladi.

Maqolada joriy yil boshidan butun dunyoni qamrab olgan pandemiyaga qarshi kurashda birdam boʻlish zarurligini toʻliq anglagan holda, BAA yangi koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti saʼy-xarakatlarni qoʻllab-quvvatlagani va oʻz hissasini qoʻshganini eʼtirof etadi. Shu bilan birga, pandemiya davrida BAA dunyo davlatlariga bu ofatdan oson chiqishi va uning oqibatlarini bartaraf etishda oʻz yordam qoʻlini choʻzganini yozadi.

“Jumladan, 1328 tonna oziq-ovqat va tibbiyot anjomlari 111 ta davlatda faoliyat koʻrsatayotgan 1,3 million nafar tibbiyot hodimiga koronavirusga qarshi kurashishda foydalanish uchun yetkazib berildi”, – deb qayd etadi muallif.

Sulton al-Mansurining yozishicha, BAA va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari pandemiya sababli dunyoda sodir boʻlayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etishga imkon beruvchi samarali yechimlarni topishda mavjud imkoniyatlarni birlashtirishga yana-da keng yoʻl ochadi.

Ikki tomonning davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish sohasidagi strategik sherikligi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklarga hukumat tayyorligini oshirishga qaratilgani bilan oʻzining dolzarbligini isbotladi. Bu esa kelajakka umid paydo qiladi va shunday murakkab davrni yengib oʻtish uchun yana-da birdamlikka chorlaydi.

Nashrning taʼkidlashicha, mavjud vaziyatdan chiqish butun dunyo boʻylab birlashish va hamkorlik koʻprigini yaratishni taqozo etmoqda. Bu borada BAA COVID-19 ga qarshi vaksinaning 3-bosqichini sinovdan oʻtkazgani qayd etiladi. Buning uchun 120 dan ortiq millatdan 31 ming nafardan ortiq koʻngilli jalb etilgan.

BAA Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻtgan haftada COVID-19 ga qarshi vaksinadan foydalanish uchun birinchi boʻlib ish faoliyatidan kelib chiqqan holda va ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida mudofaa chizigʻi qahramonlari – tibbiyot xodimlariga ruxsat berilgan.

Maqolada soʻnggi yillarda BAA bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalar doirasida hukumatlararo 9 ta bitim va umumiy qiymati 10,1 milliard dollarga teng 18 ta investitsiyaviy shartnoma imzolangani qayd etilgan. Ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi koronavirus bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish, shuningdek, dunyoning barcha xalqlari manfaati uchun yangi texnologiya va ishlanmalarni yaratilishiga keng yoʻl ochishi taʼkidlangan. “Bu biz orzu qilayotgan COVID-19 dan keyingi davrga erishish imkonini beradi”, deydi muallif.

“BAA kelgusi avlodlar uchun xayrli ishlarlarni qoʻllab-quvvatlaydigan va butun dunyo xalqlari intilayotgan taraqqiyot va farovonlik kafolatini beradigan yorqin kelajak uchun hamkorlik koʻpriklarini oʻrnatishga, umidli ertangi kunni boshlash, unda obod hayotga erishish yoʻllari bilan oʻrtoqlashishga tayyor”, deb yozadi sobiq vazir oʻz maqolasida.

Maʼlumot uchun: “Al Bayan” asosan Amirliklar ichki auditoriyasiga moʻljallangan boʻlib, mamlakatda arab tilida chop etiladigan eng nufuzli gazeta hisoblanadi. Shuningdek, gazeta Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlariga onlayn tarzda yetkazib beriladi.

Gazetaning bosma tiraji – 104 ming dona, “Facebook” ijtimoiy tarmogʻida 1,4 million va “Twitter”da 800 ming oʻquvchisiga ega.

 

OʻzA