Shu yilning mart oyida Oʻzbekistonga kirib kelgan koronavirus pandemiyasi xalqimiz bardoshini, davlatimiz qudratini, hukumatimiz gʻamxoʻrligini, yurtdoshlarimiz saxovatini ham jiddiy sinovdan oʻtkazdi.
May oyida esa mamlakatda yuzaga kelgan tabiiy va texnogen ofatlar vatandoshlarimizni yanayam birlashtirib, xalqimizning mehr-oqibat, saxovat va himmat kabi yuksak fazilatlarini namoyon etdi.
COVID-19 pandemiyasi davrining sinovli kunlarida hamda Sardoba suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi tufayli yuzaga kelgan suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda mardlik, matonat va jasorat namunasini koʻrsatganlarning mehnati hukumatimiz tomonidan yuksak baholanib, bir guruh vatandoshimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Taʼkidlash joizki, yurtimiz va xalqimiz boshiga tushgan ana shunday sinovli kunlarda mehr-saxovat, mardlik va jasorat hamda olijanoblik koʻrsatib, tunu-kun xalq va yurt dardi bilan yashab kelayotgan Vatan himoyachilarining kamtarona xizmatlariga ham yuqori baho berildi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Nukus va Urganch garnizonida xizmat qilayotgan 93 nafar ofitser va serjantlarga Prezident nomidan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini tantanali tarzda topshirar ekan, milliy armiyamiz har doim xalqimiz bilan birdam boʻlib, har qanday vaziyatda tinchlikni asrash, yurtdoshlarimizga yordam qoʻlini choʻzishga tayyor ekanligini isbotlab kelayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Bu xaqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga xabar berdi.
Soʻzga chiqqanlar butun dunyoda keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan yurt himoyachilarini eʼtirof etishdi.
Tadbir davomida Prezident nomidan mukofotlar oʻz egalariga topshirildi. Shuningdek, mudofaa vazirining buyrugʻi bilan navbatdagi harbiy unvon olgan bir guruh harbiy xizmatchilarga unvonlar berildi.