Oktyabr oyida maktablarda PIRLS-2021 xalqaro tadqiqotlari boʻyicha tajriba sinov oʻtkaziladi

Oʻzbekiston 2021-yilda ilk marotaba boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish savodxonligini baholash boʻyicha PIRLS-2021 xalqaro dasturida ishtirok etadi.

2001-yildan beri oʻtkazib kelinayotgan navbatdagi tadqiqotlarda dunyoning 60 dan ortiq davlatlari ishtirok etishi belgilangan.

Hozirgi paytda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan hamkorlikda ushbu jarayonga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Xususan, joriy yil oktyabr oyida PIRLS-2021 xalqaro dasturining tajriba-sinov tadqiqotini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Buning uchun respublikamizdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari orasidan tasodifiy 28 ta maktab tanlab olindi.

Mazkur jarayonlarga sifatli tayyorgarlik koʻrish maqsadida tanlab olingan maktablar ishtirokida onlayn seminar tashkil etildi. Unda maktablarning boshlangʻich hamda ona-tili va adabiyoti fanlari oʻqituvchilari, maktab direktorlari hamda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlaridan iborat 100 dan ortiq mutaxassis xodimlar ishtirok etdi.

Seminar davomida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha maktablarga yetkazilgan qoʻllanma va axborotnomalar hamda Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam ravishda eʼlon qilib borilayotgan mashq daftarlari boʻyicha topshiriqlar tahlili hamda baholash mezonlari boʻyicha ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.

 

OʻzA