Tomoshabinning ham uvoli bor

Maʼnaviyat
 
Avval yaxshini ayt-da, keyin yomonni ayt, deydi oʻzbeklar. Yaxshini yomon boʻldi, deb kuyunma, yomonni yaxshi boʻldi, deb suyunma, degan maʼnoli, taskinbaxsh naqlni ham shu el yaratgan. Doim yaxshi gumonda boʻling, degan oʻgitga amal qilib kelayapti bu xalq.
 
Men ham bu botiniy qoidalarga amal qilaman. Quyidagi mulohazalarimda ham shu tamoyil ustundir.Turk xalqining oʻtmishi, diniy kechmishi bizning tariximizga tutashib, qorishib ketgan. Ular bizning yurtni ota yurt, oʻzbeklarni orqadosh deb eʼzoz qiladilar. Biz ularning dunyodagi mavqeidan faxr tuyamiz. Gʻarb tamaddunida topgan shuhratidan gʻururlanamiz. Begonalar ichida buyuk Turk xoqonligini tuzgan qardosh bobolarni alqab eslaymiz.
Janob Erdoʻgʻonning dini islom uchun, turk qavmi uchun qilayotgan ishlarini xayrixohlikda kuzatamiz. Yaxshilik sogʻinamiz. Hatto Yevropa futbolida “Galatasaroy” klubi yutsa, beixtiyor qarsak chalamiz. Biznikida, oʻzimizning turkiylarimiz, qondoshlarimiz-da. Qon tortadi, suyak suradi…
Bugungi kunda Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan eng yaqin hamkorlaridan biri ham Turkiya davlatidir. Turk birodarlarning savdo-sotiq, tovar ayriboshlash, mehnat migratsiyasi, qurilish, qoʻyingki, barcha jabhada oʻz ulushlari bor, istiqbolli hamkorliklar bardavom. Ochigʻi, xorij mahsulotlari sotiladigan doʻkonga kirsam, nemis, xitoy yo boshqa xalqnikini emas, turk mahsulotini xarid qilgim kelaveradi.
Bas, xorijniki boʻlishi kerakmi – turknikini olish kerak. Oʻzimizniki! Boshqalarni bilmadim, menda shunday kechim bor.
Alqissa, XX asr ostonasida yurtimiz, butun Turkiston ozodligi uchun kurashgan Turkiyadan kelgan Anvar poshshoning qahramonligini, uning yurtimiz tuprogʻida shahid boʻlganini ham oʻzbeklar unutgani yoʻq. U joʻmard sarkarda bizning tuproqdan “qizil”larni quvib yuborishdek muddao bilan, shu yoʻlda halok boʻlgan.
Biroq… Bugungi globallashgan dunyoda, rasmiy chegaralarni internet toʻlqinlari orqali hatlab oʻtish mumkin boʻlgan vaziyatda, ongning yoʻnalishi, tafakkurning harakat tarzi birlamchi boʻlgan, “eng qimmat mahsulot – gʻoya” hisoblanayotgan pallada, dunyoning turli burjidan media tovar sifatida bizning tartibotimizga, hayotimizga turk seriali ham kirib keldiki, bundan dillarimiz biroz xira tortayotir.
Aslini olganda, biz serial ishlab chiqarishni hali oʻzlashtirmagan paytimiz – mustaqillikning ilk yillarida Lotin Amerikasining “Izavro”, “Boylar ham yigʻlaydi”, “Morena Klara”, keyinroq koreyslarning turkum seriallarini ham tomosha qilib oʻtganmiz. Biroq ular qon-qoni bilan bizga begona edi. Ruhimizga singmadi, oʻtirishmadi. Meksikalik yigit va qiz oʻpishganini ekranda koʻrsatsa, yuzimizni yashirib, “e, kopirlar” deb, jarayon tugagach yana tomoshani davom ettiraverdik. “Ular shunday qilishi mumkin, ular – behayo, ularga mumkin”, degan ichki toʻxtam bizni oʻsha intim manzaralardan asrab oʻtdi ham. Bunda asosiy omil “ular”ning bizga begonaligi edi. Ovozini koʻtarmaydigan koreyslarning-ku oʻpishgani ham sezilmaygina oʻtdi.
Ammo turk serialidagi har bir xatti-harakat ayolu qizimiz, oʻgʻil bolalarimizgacha qattiq taʼsir qildi. Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining bir nechta kanalida muntazam – yillab davom etayotgan turk seriallarining hammasida muhabbat mavzusi bor. Ammo muhabbat ham muhabbatki, xiyonat va unga oʻzicha kurashish, oʻpka yigʻi, yolgʻon koʻzyoshlar… – turk seriallarining aksariyatida shunday. Yomoni – erli ayolning boshqa bilan “yurishi” va buni “asl sevganim sen edingu men bilmasdan manavi nodonga tegib qoʻyibman”, degan daʼvo bilan xaspoʻshlashi, muhimi bu – ikki kemadan ham umidvor boʻlgan “jabrdiyda” oyimchaning film qahramoni, chinakam sevgi, sadoqat timsoli etib talqin etilishidir.
Bu qahramonning mubham muddaosi eriga, oilasiga, farzandiga xiyonat qilmaganday koʻrinsa-yu, ammo anavi jigaridan urgan bilan pinhona “oʻynab-kulib” yuraversa. “Voy, seni Xudo asrasin!”, “Seni Alloh qoʻllasin, asalim, goʻzalim, farishtam, koʻzimning nuri” kabi soʻzlar sovuqqonlik, parishonu karaxt holda labidan chiqayotgan xonimning egnidagi uylik libosini koʻrib, ekran qarshisida oʻtirgan ayolingdan uyalib ketasan odam.
Unga burilib qarolmaysan. Neajabki, uydagi ayolimiz yo qizimiz turk serialidagidek kiyinib olsa ham nima deyolasiz?! Pul, ishrat, manfaat ustiga qurilgan oila-yu boy berilgan nomusini, ilk boʻsasini eslab entikishlar, xoʻrsinishlar, rosmana, ehtirosni qoʻzgʻovchi sahnalar… Libos masalasida turk rejissurasi juda oldinlab ketgan yoki behayolik targʻibotidan manfaatdorga oʻxshaydi. Bilmadim, harnechuk musulmon olamida oʻziga xos oʻrni bor bu xalqning seriallarini koʻrib, nahotki ularning yashash tarzi ham shu darajada yalangʻochlashib ketgan boʻlsa, deb oʻylab qolasan kishi.
Men ataylab koʻrgan seriallarning hech birida ijtimoiy yuk, Vatan va el manfaatlariga bogʻliqlik, haqqoniy hayotning sharpasi ham yoʻq. Faqat bir oila ichidagi oʻta mayda ivir-shivirlar. Xiyonat, soʻngra oʻkinchli, alamli koʻzyoshlar, oʻlib-oʻlmaydigan, yoki oʻldirib qoʻyaqolmaydigan lanj yigitlar, qizlar, ayollar… Bir soʻz bilan aytganda, yolgʻon voqelik, yolgʻon yechim, didsiz ijro.
Bizning nimani tutsa ep bilib koʻraveradigan bardoshi moʻl tomoshabin esa bu seriallardagi tutumlarni hayotiga koʻchirib olayotir. Boʻy yetayotgan qizlarimiz ruhida allaqanday sovuq behayolik nuqsini kam boʻlsada, sezib qolyapmiz. Bu – yomon! Murgʻak bolalar, beqaror oʻspirinlar bu seriallarni qalbga joylab, soch tarashlarini ham turklashtirib, siyrak soqollarini esa boricha qoʻyvorib turk yigitlariga oshkora taqlid qilishmoqda. Ularni mahliyo qilayotgan sirti yaltiroq qahramonning esa boshi qotgan: xotini bilan yashayversamikin, doʻstining xotinini yoʻldan ursamikin? Axir, doʻstining xotinining unga mayli bor – bilib, sezib yuribdi…
Ana shu seriallarni aksariyat uyda oʻtiradigan ayollarimiz yutoqib koʻrishmoqda. Opa-singlisinikiga mehmonga, diydorlashuv uchun borsa ham, serial haqida gaplashadi: “Oʻlib ketsin, anovi Gulsum. Boyagi yigit bilan avvaldan yurar ekan-da. Lekin bechoraning eri laqma ekan. Sezmadi…” Ishoning, hatto toʻyga borgan ayollarimiz ham shunday gaplashishyapti. Ularga ergashib borgan bolakaylar bu mashmashalarni tinglab, miyasi mudhish soʻzlarga toʻlib oʻsayapti.
Ming shukrki, Oʻzbekistonda oila qadriyat darajasini hali yoʻqotgani yoʻq. Oila aziz qoʻrgʻon hanuz. Ammo keyingi vaqtlarda nikoh buzilishlari, ajrimlar sonining koʻpayishi, voyaga yetmaganlar oʻrtasida mudhish jinoyatlar sodir etilishi kabi ogʻriqli muammolar mahalla oqsoqolidan boshlab, yuqori tashkilot rahbarlarigacha bezovta qilayotir. Bunga oiladagi yetishmovchilik, moddiy taʼminlanmaslik oqibatida kelib chiqqan ziddiyatlar yoki toʻqlikka shoʻxlik kabi sabablarni asos qilib olyapmiz.
Aslida hamma gap uyimizda. Aniqrogʻi, koʻplab muammolarning manbasi kecha-yu kunduz yoniq turgan teleekranimizdadir. Ammo televizor koʻrmaslikning iloji yoʻq. Va qizlarimiz bechidam, beqanoat, sabrsiz, tegmanozik, kelinlarimiz boʻyida boʻlganidan tortib, UZI apparati yetti oylik homilasini oʻgʻil yo qiz deb aytganigacha qaynotasi oldida bemalol gapiryapti. Oʻgʻil bolalar bachkana, qizbet boʻlib ulgʻayayapti. Shahar maktablarida aksariyat oʻqituvchilar ayollar boʻlgani ham turk serialidan oziqlangan bolalarga ong ostidagi “men”ini, unda paydo boʻlgan illatlarni oshkor etishga yoʻl ochayotir.
Yaqinda viloyatlardan birida boʻlib oʻtguvchi toʻylar va uning tegrasidagi turli tafsilotlar haqida aytib berishdi.Kelin tushadigan uyning pardasini tutadigan maxsus chevar juvon bor ekan. U toʻydan oldin boʻlajak kuyovning uyiga oʻz vazifasini bajarishga kelarkan. U chevar juvonni eri “Matiz” mashinasida olib yurar ekan. Toʻylar koʻpaygan paytlarda ikki-uch oylab, haligi chevar eri bilan yurt kezib parda tutarkan.
Oʻsha er hech qayerda ishlamaskan, ayolning topganini yeb, unga haydovchi va xos qoʻriqchi boʻlib yuraverarkan. Parda tutilayotganda ayoli chiqib turgan stulni suyab ham turarkan. Oʻsha chevar kelin toʻylarga oʻzi yursa boʻlmaydimi, desa, eri uni garddakkina rashk ham qilarkan, deyishdi. Oʻsha yigitning maktabda oʻqiydigan bolasiga otang nima ish qiladi, deb savol berib boʻladimi? 27 yoshdagi bu yigitni nima jin urib bunday beor boʻlib qoldi? Qayerdan paydo boʻlmoqda bunday soʻtaklar? Serial farzandlari bular!
Oʻylab qolasan, kishi. Har bir efirga uzatilayotgan serial, filmlarni avvalo mutaxassislar koʻrib, saralab, ajratib olishi kerak emasmi? “+16” degan belgi-ogohlantirish bilan, ikki-uch erkak bilan birday munosabatlar oʻrnatgan ayol haqidagi razil tomoshalarni efirga uzataverish mumkinmi? Yoki bulardan kimlardir manfaatdormi? Tushunmaysan…
Issigʻi chiqayotgan goʻdakka dori tutsangiz, oʻla qolsa ichmaydi.Oʻzi shundogʻam injiqlanib qolgan bu bolani majburlab, oyoq-qoʻlini bosib dorini yutdiramiz. Boʻlmasa tuzalmaydi. Yoki shu bolaga stol ustiga paxtaqand va sariyogʻ surtilgan nonni qoʻyib, “birovini ol”, desangiz, bola paxtaqandni tanlaydi. Bu foydasiz, gijjaning uyasi boʻlgan ozuqaga shirin suv sepilgan, puflab shishirilgan. Bolaga shu kerak. Tabiiy toza, vujud uchun nafi koʻp sariyogʻ va nonni majburan yeydi.
Al-Hakim at-Termiziy hazratlarining “Kishiga shu birgina aybi kifoya qilurki, oʻziga ziyonkor boʻlgan narsa uni quvontirgay” degan hikmati bor. Gap shundaki, jamiyat kishilari ham maʼlum maʼnoda boyagi bolakayga oʻxshab, oʻziga foydali narsani koʻpam xushlamaydi. Chunki foydali narsaga yetishish uchun ozgina mehnat va toqat kerak. Serial tomosha qilish esa Navoiyni yoki Tolstoyni oʻqish emas. Shundoqqina chaynalgan narsa – yutasan-qoʻyasan. Shunday ekan, jamiyat “bolalari”ga tutayotgan narsamizning nima ekanini bilishimiz kerak emasmi?
Odam uchun baliq goʻshti ham, sut ham juda foydali, ammo baliqni sutga qaynatib yesa, odamni koʻr qiladi bu taom. Turk serialidagi iztiroblar ham, mavzular ham ana shunday taʼsir vositasini oʻtamoqda. Mafkuraviy immunitetni oʻldirishga, shundogʻam informatsiya bilan toʻlib toshayotgan miyamizni yana olqindi mashmashalar bilan zichlashtirishga xizmat qiluvchi seriallarni bizga tiqishtirayotganlar xohlab-xohlamay koʻrsatilayotgan seriallarni “isteʼmol qilayotgan” xalqning – tomoshabinning uvoli borligini, javobi borligini unutmasinlar.
Odamlarimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida jinoyat, buzgʻunchilik kabi koʻngilsizliklarning oldini olish, ularni toʻgʻri yoʻlga solish maqsadida mutasaddi tashkilotlar betinim mehnat qilmoqdalar. Biroq uyida, ekran qarshisida tarbiyasi buzilayotgan, bizga begonalashayotgan farzandimizga qanday koʻmak berish mumkin?
Buni – avlodning qalbini beparda, hayosiz narsalar bilan toʻdirayotgan televideniyedagi masʼullar bilishi lozim. Oʻzbeklar turklarga qanchalar yaqin, qardosh boʻlmasin, boshqa xalq, taʼbi boshqa, didi boʻlak. Har bir narsani jiddiy qabul qiladigan, taʼsirchan xalq. Ulgʻaygan, ildiz otgan zamini boshqa. Markaziy Osiyoning yuragida unib-oʻsgan, qadim hayosini ushlab turgan eldir oʻzbek degani. Qolaversa, kinochilarimiz ham turk serialchilaridan koʻra isteʼdodlidir. Buni bilishimiz, suiisteʼmol qilmasligimiz kerak.

 

Shodmonqul SALOM, OʻzA