“Maktablarda barmoqdan qon olib koronavirus uchun tekshiruv oʻtkazilyapti. Sanitariya-epidemiologiya markazlarida esa burundan surtma olib tekshirilyapti. Bir odamda ikkala test bir-biriga mos kelmayapti. Qaysi test toʻgʻri xulosa beradi?”
Ushbu savolga Nurmat Otabekov quyidagicha javob berdi:
– Burundan olingan surtmalar organizmda virus borligini maʼlum qiladi. Barmoqdan qon olib tekshirish natijalari esa kasallikdan soʻng organizmda antitanachalar (antitelolar) paydo boʻlganini bildiradi.
Mutaxassislar qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarni koronavirus xavf guruhiga kirishini taʼkidlab kelmoqda.
N.Otabekovning aytishicha, agarda bunday bemorlar virus yuqtirsa va shifoxonaga murojaat qilsa, maslahatga shu soha mutaxassislari chaqirtiriladi yoki onlayn maslahat uyushtiriladi. Bundan tashqari, COVID-19 ni davolash protokollariga qandli diabetli bemorlarni davolash masalasi ham kiritilgan.
– Koronavirus kasalligi har qanday ikkilamchi (yondosh) kasalligi bor odamlarda ogʻir kechishi, shu jumladan, yurak yetishmovchiligi bor bemorlarda oʻpkaning zararlanishi bilan bogʻliq muammolar tez-tez yuzaga kelishi mumkin, – deydi N.Otabekov. – Shuning uchun ham bunday yondosh kasalligi bor shaxslarda COVID-19 birmuncha ogʻir kechishi kuzatilmoqda.
Shu sababli yurak yetishmovchiligi borlar ham COVID-19ni yuqtirmaslik uchun karantin chora-tadbirlariga toʻliq rioya etishi, tibbiyot xodimlari tavsiyalariga ogʻishmay amal qilish kerak. Ular zaruratsiz koʻchaga chiqmaslik, ortiqcha muloqotlarga kirishmaslik, jamoat joylariga borishdan tiyilish orqali kasallik yuqishidan saqlanishi mumkin. Lekin hamma yondosh kasalligi bor shaxslarda COVID-19 ogʻir kechadi degan fikrni olgʻa surishni zinhor hohlamagan boʻlardim. Albatta, shu oʻrinda virusning patogenlik va virulentlik darajasi ham alohida ahamiyatga ega.
Antibiotiklar viruslarga qarshi taʼsir qiladimi? Ushbu savolga mutaxassis quyidagicha javob berdi:
– Agar oila aʼzolaridan birida koronavirusning yengil formasi aniqlangan boʻlsa, birinchi navbatda, bemorni alohidalash zarur, – N.Otabekov. – Boshqa oila aʼzolari tibbiy niqobda boʻlishlari, profilaktika maqsadida immunitet oshiruvchi preparatlar va virusga qarshi preparatlarni qabul qilishlari hamda nazoratda boʻlishlari kerak. Antibiotiklar virusli kasalliklar profilaktikasida ham, davolashda ham qoʻllanilmaydi. Chunki ular viruslarga qarshi taʼsir qilmaydi, faqat bakterial infeksiyalarda qoʻllaniladi.
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA