Ayni paytdagi maʼlumotlar, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlar soni 53 ming nafardan ortganligini, ulardan 49 ming 832 nafari sogʻayganligini koʻrsatmoqda.
Maxsus komissiyaning joriy yil 17-sentyabr kunidagi qaroriga asosan karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish bilan bir qatorda, jamoat joylari, jamoat transportida ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqob taqish, toʻy va boshqa oilaviy marosimlarni oʻtkazish boʻyicha belgilangan cheklovlar saqlanib qolgan. Lekin, infeksiya tarqalishida asosan fuqarolarning karantin talablariga rioya qilmayotganligi sabab boʻlmoqda.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabariga koʻra, karantin cheklovlari yumshatilishi munosabati bilan ayrim fuqarolarning mavjud karantin cheklovlari hamda sanitariya-epidemologik talablarga rioya etmayotganligi, jamoat joylari, jamoat transportida ijtimoiy masofa saqlamayotganligi, tibbiy niqob taqmasdan harakatlanayotganliklari aniqlangan. Shuningdek, toʻy va boshqa oilaviy marosimlarni oʻtkazish talabi va tartibi buzilayotganligi ham aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishi holatlarining keskin oshishiga sabab boʻlmoqda.
Maxsus komissiya tomonidan belgilangan karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiya xodimlariga yuklatilgan boʻlib, 2020-yilning mart oyidan ayni paytga qadar 638 ming 859 ta huquqbuzarlik aniqlangan boʻlib, shundan 571 ming 264 tasi erkaklar va 67 ming 595 tasi ayollar tomonidan sodir etilgan.
Huquqbuzarliklarning sodir etilish usuli boʻyicha taxlil qilinganida, 618 ming 801 ta holatda tibbiy niqob taqmasdan yurish, 20 ming 58 ta belgilangan karantin cheklovlariga amal qilmaslik boʻyicha huquqbuzarliklar aniqlangan. Shundan, 521 ta vaqtinchalik toʻxtatilgan savdo faoliyatini davom ettirish, 497 ta karantin hududini tashlab ketish, 213 ta toʻy va marosim oʻtkazish qoidalarini buzish, 14 ta ijtimoiy tarmoqlarda vahima keltirib chiqaruvchi asossiz maʼlumotlarni tarqatish kabi huquqbuzarliklar aniqlangan.
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA