Quyi palataning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzolari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbari Ibrohim Ergashevning “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi qonuni hamda davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-martdagi “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda karantindagi zararli organizmlar Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni taʼminlash, oʻsimlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Axborotda qayd etilishicha, joriy yilning 8 oyi davomida Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan jami 4,8 million m3 zararsizlantirish hamda 5,7 million m2 hajmda nam ishlov berish ishlari olib borilgan. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardan yurtimizga urugʻ va oʻsimliklarning koʻchatlarini olib kelishda karantin ruxsatnomasi 19 ming 211 donasi import uchun va 1 ming 670 donasi tranzit uchun rasmiylashtirilgan. Davlatimizga xorijdan jami 2,4 million tonna yuklar olib kelinib, karantin nazoratidan oʻtkazilgan.
Yurtimizdan chet mamlakatlarga eksport qilingan karantin ostidagi yuklar jami 1,4 million tonnani tashkil qilib, eksport qilingan yuklarga 114,1 ming dona xalqaro jahon andozalaridagi fitosanitar sertifikatlari berilgan. Shu bilan birga, respublika boʻyicha jami 67 ming 405 dona ichki fitosanitar sertifikati belgilangan tartibda rasmiylashtirib berildi.
Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbari ichki va tashqi fitosanitar nazoratni amalga oshirishdagi mavjud muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi.
– Fitosanitar dala nazoratini amalga oshirish faqat tekshirish orqali amalga oshirilishi oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari faoliyatida qiyinchilik tugʻdirib, shoshilinch choralar koʻrilishiga toʻsqinlik qilmoqda, – dedi Ibrohim Ergashev. – Keyingi muammo Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan jarima miqdorlarining kamligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ushbu huquqbuzarliklarning qayta-qayta sodir etilishiga hamda mazkur huquqbuzarliklar sonining ortishiga sabab boʻlmoqda.
4 million gektar yer maydonida dala nazoratini oʻtkazishimiz lozim edi. Lekin pandemiya va boshqa turli sabablar bilan dala nazoratining monitoringi toʻliq oʻtkazilmadi. Inspektorlar toʻgʻridan-toʻgʻri dala nazoratini oʻrnatishida cheklovlar mavjud.
Hozirgi paytda zararlangan organizmlar juda koʻpayib ketdi. Mahsulotlarning eksportbopligi tushib bormoqda. Zararkunandalarga qarshi kurashish toʻgʻri belgilanmaganligi natijasida hosildorlik koʻrsatkichi tushgan. 2020-yilning oʻtgan 8 oyida mahsulotlarimiz eksportga chiqarilganda koʻplab davlatlardan eʼtirozlar keldi. Xorijiy davlatlarga eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlari importyor davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammolar oqibatida jami 2019-yilda 77 ta notifikatsiya kelgan bulsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 112 tani tashkil etdi.
Agarda maxsus guvohnomasi boʻlmasa Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari dala nazoratini oʻtakaza olmaydi. Bu safar 30 foiz inspektor akkreditatsiyadan oʻta olmadi. Chunki savollar juda murakkab tuzilgan. Oʻsha savollarga ayrim yuristlar ham javob berolmayapti. Inspektorlar Toshkent davlat agrar universitetining karantin, oʻsimliklarni himoya qilish yoʻnalishlarini tamomlagan. Ularga sohaga oid savollar berish kerak.
Oʻzbekistonning bitta mahsulotini xorijga esport qilish uchun bir necha oy, hatto yillab muzokara qilishga toʻgʻri keladi. Inspeksiya tomonidan 19 ta noanʼanaviy davlatga 78 turdagi mahsulotni eksport qilishga erishildi. Ular bizdan bogʻlarning, qadoqlash sexlarining roʻyxatini soʻrashmoqda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektori kamida uch marta oʻsha bogʻga borib dala nazoratini amalga oshirganligini tasdiqlovchi dalolatnomani ham talab qilishadi.
Eshituvda deputatlar sohada erishilgan yutuqlar bilan birga tizimda uchrayotgan muammolarga ham eʼtibor qaratdi. Xususan, xalq vakillari taʼkidlaganidek, mahsulotlarni yetishtirishda zarurkunanda va kasalliklarga qarshi sifatsiz kurash olib borilayotgani, dala va bogʻlarga agronom mutaxassislarining jalb qilinmayotgani, mahsulotlarni eksport qilishda maxsus saralab kolibrlash, qadoqlash va markirovkalash texnologiyalaridan oʻtmaganligi, hali-hanuz eskicha tizimda, yaʼni zararlangan yogʻoch yashiklarga yuklab toʻgʻridan-toʻgʻri eksportga yuborilishi eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Tadbirda Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbari sohada uchrayotgan muammolarning oldini olishda olib borilayotgan ishlar boʻyicha ham maʼlumotlar berdi.
Deputatlar tizimda koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish maqsadida xorijiy davlatlarning sohadagi tajribasini yurtimizning hududlarida joriy qilish, daladan eksportgacha boʻlgan zanjirda kodlashgan tizimini joriy qilish, maxsus qadoqlash sexlari orqali mahsulotlarni tayyorlash boʻyicha oʻzlarining takliflarini ham berib oʻtdilar.
Eshituvda muhokama etilgan masala yuzasidan qoʻmita va inspeksiyaning oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalari belgilab olindi va qoʻmitaning taklif va tavsiyalari aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.