Pensiya jamgʻarmasiga endi telegram messenjeri orqali ham murojaat qilish mumkin

Mamlakatimizda bugungi kunga 3 million 777 ming 631 nafar pensiya va nafaqa oluvchi bor. 
Aholining 11 foizi davlat pensiya taʼminoti bilan taʼminlangan. Pensiya jamgʻarmasining “11-40”- ishonch telefoniga kun davomida yuzdan ortiq fuqaro savol, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qiladi. Bu pensiya taʼminoti jamiyat uchun hamisha qiziqarli va dolzarb sohalarning biri ekanini anglatadi.
Mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida karantin talablaridan kelib chiqqan holda, hozirda fuqarolar Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari, tuman va shahar boʻlimlariga tashrifidan koʻra, telefon orqali yoki elektron shaklda murojaat qilishi maqsadga muvofiq.
Shu kunga qadar fuqarolardan elektron murojaatlar Jamgʻarmaning elektron pochtasi – pension_uz@pfca.mf.uz orqali qabul qilinib kelinayotgan boʻlsa, endilikda murojaat qilishning yana-da qulay imkoni yaratildi. Yaʼni, Jamgʻarmaning telegram kanali – t.me/PensionFundRUz ga aʼzo boʻlib, kanalning muhokama (Obsudit yoki Discuss) qismiga oʻtilib, guruh orqali savollarni yoʻllash mumkin. Har bir savolga mutaxassislar tomonidan oʻz vaqtida, ish kunlari davomida javob berilishi Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati tomonidan nazorat qilib boriladi.
Fuqarolar esa, savollarni yoʻllashda F.I.O, doimiy yashash manzili, aloqa uchun telefon raqami, murojaatning qisqacha mazmunini yozishi lozim.
Shuningdek, fuqarolarning yashash manzillari boʻyicha ham hududiy kanallar joriy qilingan boʻlib, ularga kelib tushayotgan savollarga ham mutaxassislar tomonidan javoblar berilmoqda.

 

O’zA