Ishchi guruh terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumandagi bir qator fermer xoʻjaliklari paxta dalalarida boʻlib, karantin qoidalariga rioya etgan holda oʻrganish ishlarini olib bordi.
Mamlakatimizning eng shimoliy mintaqasi boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasida bu yilgi paxta hosili uchun 86 ming 291 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanib, shundan 196 ming tonna paxta xom-ashyosini yetishtirish rejalashtirilgan. Paxtadan moʻl hosil olish uchun barcha sharoitlar yaratilib, zarur boʻlgan moddiy resurslar tayyorlangan.
Amudaryo tumanida hozirgi paytda yigʻim-terim ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Tumanda 2020-yil hosili uchun 362 ta fermer xoʻjaligi hamda qishloq xoʻjaligi korxonasi tomonidan 15 ming 250 gektar maydondan 34 ming 900 tonna paxta xom-ashyosi yetishtirib berish boʻyicha paxta toʻqimachilik klasteri “Amudaryotex” xorijiy korxonasi masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida kontraktatsiya shartnomasi tuzildi.
Mavsumga puxta tayyorgarlik koʻrish va qisqa muddatlarda amalga oshirish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Tumanda 290 ta terim otryadi tashkil qilinib, jami 23 ming 266 nafar terimchi, shundan 9 ming 283 nafar fermer xoʻjaligi ishchisi va 13 ming 983 nafar uyushmagan aholi shartnoma asosida terimga jalb qilindi. Bugungi kunga 14 ta fermer xoʻjaligi shartnomaviy rejani bajardi.
Mavsum davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratishda mutasaddi tashkilotlar ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash boʻyicha tashkil qilingan Respublika ishchi guruhi tomonidan fermerlar, klasterlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning quyi tuzilmalari hamda xususiy bandlik agentliklaridan boshqa tashkilotlarni paxta yigʻim-terimi mavsumiga terimchilarni jalb qilish ishlariga aralashuviga yoʻl qoʻymaslik, majburiy mehnat holatlariga butunlay barham berish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Korxona, tashkilotlar oʻz xodimlarini uyushgan holda paxta yigʻim-terimi ishlariga jalb qilish amaliyotini toʻliq bekor qilish, paxta yigʻim-terimi ishlariga Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa vazirligi xodimlari, harbiy xizmatchilar va akademiya kursantlarini umuman jalb etmaslik kabilarga alohida eʼtibor qaratilishi kerakligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, mutasaddilar oʻrganish jarayonida terimchilar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalarining imzolanganligi, terimchilarni terim haqini oshirgan holda ragʻbatlantirish choralarining koʻrilganligi, bunda hukumat qarori bilan belgilangan terim summasiga klasterlar va fermerlarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, qoʻshimcha ragʻbatlantirish ishlari tashkil etilganligi bilan tanishdi. Terim pullarining oʻz vaqtida, daromad soligʻi olinmasdan, byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari hisoblanmagan holda tarqatilayotganligi oʻrganildi.
–Kuniga har birimiz 150-180 kilogrammdan paxta teryapmiz, –deydi tumandagi “Qurbangʻali Beshbayev” fermer xoʻjaligi dalalarida paxta terayotgan opa-singil Sharofat va Adolat Qurbonovalar. –Terim boshlanmasdan oldin fermer xoʻjaligi bilan shartnoma tuzganmiz. Bu bizlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Har ikki kunda tergan paxtalarimizning pullarini olib turibmiz. Pandemiya sharoitida bu oilamiz uchun qoʻshimcha daromat manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Taʼkidlab oʻtish joiz, tumanda bu yilgi paxta terimi uchun terimchilarga 40 milliard soʻm mablagʻ tarqatish rejalashtirilgan. Respublika ishchi guruhi tumandagi korxona va tashkilotlarda xodimlardan oʻrniga terimchi jalb qilish uchun pul yigʻish ishlariga yoʻl qoʻyilmayotganligini, pandemiya sharoitida yigʻim-terim ishlarini sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etilganini, boshqa hududlardan kelib terimda ishtirok etayotgan terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari yaratilganligini qatʼiy nazoratga oldi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA