Tayanch doktorantura va doktoranturaga 1800 ta oʻringa mablagʻ ajratildi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021-yil uchun tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalari boʻyicha vazirlik va tashkilotlardan 3 ming 728 oʻringa buyurtma qabul qilingan.
Moliya vazirligi, oʻz navbatida, byudjet imkoniyatlarini hisobga olgan holda 2021-yil uchun jami 1 ming 800 ta oʻringa mablagʻ ajratilishini tasdiqladi. Shundan, fan sohasi boʻyicha tayanch doktoranturaga 365 ta, doktoranturaga 64 ta, taʼlim sohasi yoʻnalishida tayanch doktoranturaga 1 ming 292 ta, doktoranturaga 79 ta oʻrin ajratildi. Bu jami buyurtma berilgan kvotalarning 48,2 foizini tashkil etadi.
Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq, izlanuvchining toʻlov-kontrakt mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha qabul kvotasini shakllantirish mumkin.

 

OʻzA