Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayevaning taʼkidlashicha, grippga qarshi vaksina bir yillik boʻlib, u har yili uchrashi mumkin boʻlgan gripp shtammlariga qarshi ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, bu vaksina bilan inson organizmi aynan grippning shu shtammlariga qarshi immunitet hosil qiladi. U kovid bilan kasallangan va tuzalgan bemorlarni kuz-qish mavsumida grippning keladigan shtammlaridan maʼlum darajada himoya qiladi yoki kasallikning yengil kechishini taʼminlaydi.
COVID-19 bilan kasallanib tuzalgan bemorlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkin. Ammo OITS kasalligining turli bosqichlarida, vaksina tarkibidagi adyuvanti, yaʼni vaksina ishlab chiqilgan asosiy vosita va qoʻshimchalarga nisbatan allergik holati bor kishilar va bolalarda miyaning organik qismida oʻzgarish keltirib chiqaruvchi nevrologik kasalliklarning zoʻrayib borishi davrida grippga qarshi emlash mumkin emas.
Barcha somatik kasalliklar avj olish davrida tana haroratining 38° S dan yuqori koʻtarilishi, diareya, ich ketish, qusish, tutqanoqlar, qon bosimini koʻtarilishi yoki tushishi, kuchli ogʻriq sindromida va hokazolar oʻtib ketganidan keyin shifokor koʻrigidan oʻtib, sogʻlom deb tashxis qoʻyilganida tibbiyot muassasasida shifokor-immunolog, pediatr yoki terapevt nazorati ostida emlanish kerak.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA