Qoraqalpogʻistonda deputat saylovi yakunlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga 5 ta, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga 9 ta saylov okrugida boʻshab qolgan oʻrinlarga oʻtkazilgan deputatlar saylovi yakunlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining maʼlum qilishicha, saylov barcha uchastkalarda karantin qoidalariga qatiyan amal qilingan holda olib borildi. Fuqarolarimiz oʻzlarining huquqlaridan foydalangan holda saylovlarda faol ishtirok etdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Saylov toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining COVID-19 pandemiyasi davrida boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq joylarda saylovchilarga barcha shart-sharoit yaratildi.
Снимок.JPG
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga Nukus shahri boʻyicha 4-sonli “Yernazar Alakoʻz”, Ellikqalʼa tumani boʻyicha 20-sonli “Sarabiy”, Beruniy tumani boʻyicha 25-sonli “Navbahor”, Qoʻngʻirot tumani boʻyicha 49-sonli “Qoʻngʻirot” va Qoraoʻzak tumani boʻyicha 63-sonli “Qorakoʻl” saylov okruglarida saylovchilar har bir partiyadan koʻrsatilgan nomzodlardan oʻzlari munosib deb topganlari uchun ovoz berishdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovining yakuniy natijalari 21-sentabr kuni eʼlon qilinadi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA