Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Xotin-kizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish va gender tenglik” masalalariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi “Ayollar kanoti”, Qorakalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani koʻllab-kuvvatlash vazirligi va bir kator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirni universitet rektori A.Reymov kirish soʻz bilan ochdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlar masalasi, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, maishiy hayotdagi muammolarini hal qilish, iqtidori va imkoniyatlarini koʻrsatish uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz rivojida, jamiyat hayotida, oilalar mustahkamligida xotin-qizlarning oʻrni va ahamiyati katta. Yurtimiz aholisining 50 foizini tashkil etadigan xotin-qizlar jamiyatning barcha sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishda tub burilish yasadi. Mazkur qarorda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish yuzasidan yangi qonunlar ishlab chiqilishi muhim vazifa sifatida belgilangan edi.
Maʼruzachilar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, shuningdek gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish ishlari bir necha yoʻnalishlarda, hususan, ayollar huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish alohida qayd etildi. Aholining gender tenglik va ayollar huquqlari toʻgʻrisida xabardorligini oshirish, huquqni qoʻllash amaliyotida ularga rioya etilishini taʼminlash uchun masʼul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy meʼyorlar asosida oʻqitish boʻyicha olib borilayotganligi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, Prezidentning xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zoʻravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish toʻgʻrisidagi farmon va qarorlari qabul qilingan.
Mazkur sohadagi qonunchilik choralariga toʻxtaladigan boʻlsak, Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish maqsadida 2019-yil sentyabr oyida “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Ularda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, demokratizm, jinsi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmaslik, ochiqlik, shaffoflik belgilab berilgan.
Qonunning qabul qilinishi davlat boshqaruvida ayollarning erkaklar bilan teng sharoitda ishtirok etishini, ayniqsa, rahbarlik lavozimlarida ham ishlashi mumkinligini kafolatlaydi. Shuningdek, qonunda hokimiyat vakillik organlariga saylovlarda ham siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatligiga nomzodlar koʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi taʼminlanishi belgilab qoʻyildi.
–Gender tenglikni joriy qilish nuqtayi nazaridan barcha sohalar qatorida taʼlimdagi ijobiy siljishlarni alohida taʼkidlash kerak, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorining Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Injayim Seytnazarova. – Yaʼni, 2017-yildan boshlab aksariyat oliy oʻquv yurtlarida turli mutaxassisliklar boʻyicha sirtqi boʻlimlar faoliyati qayta tiklandi.
Taʼlimning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy maʼlumot olish imkoniyatini beradi. Ӱtkazilgan tadbir jamiyatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishda, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqi hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlashda, ularning yechimlarini ilmiy va amaliy yoʻnalishlarda ochib koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya oxirida tavsiya va takliflar bildirilib, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar oldi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA