Shavkat Mirziyoyevning 4 yillik Prezidentlik davrida Oʻzbekistonda qanday oʻzgarishlar yuz berdi?

“Vestnika Kavkaza” internet nashrida Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligiga kelgandan soʻng Oʻzbekistonda yuz berayotgan ulkan oʻzgarishlar, siyosiy modernizatsiya, iqtisodiyotni liberallashtirish, jahon hamjamiyati bilan munosabatlardagi ochiqlik, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari haqida maqola chop etildi. Quyida ushbu maqola bilan tanishishingiz mumkin.
4 yil oldin Oʻzbekistonni 27 yil boshqargan Islom Karimovning vafoti hokimiyatning boshqa qoʻlga oʻtishi natijasida mamlakatda sodir boʻladigan turli oʻzgarishlar haqidagi mish-mish va taxminlarni keltirib chiqardi. Binobarin, ijtimoiy notinchlik va siyosiy toʻqnashuvlar yuzaga kelishidan xavotirlanish mavjud boʻlishiga qaramay, ayni jarayon bir tekis yuz berdi, yangi Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari esa davlatni yangi bosqichga olib chiqdi.
Faqat paxta bilan emas…
Mirziyoyev Prezidentlikning dastlabki kunlaridanoq islohotlar va oshkoralik yoʻlidan bordi. 2017-yilda mamlakatni rivojlantirishning besh yillik strategiyasi tasdiqlandi, ushbu hujjat doirasida biznesni liberallashtirish va turli sektorlarni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiya jalb qilishga alohida urgʻu berildi. Ilgari Oʻzbekiston deganda, birinchi navbatda paxta yodga kelardi, hozir bunday emas. Bugungi kunda Oʻzbekiston 42 mamlakatga mahsulot eksport qiladi, 2019-yildan boshlab yangi 59 turdagi mahsulot chetga chiqarila boshlandi.
2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida agrobiznes yuritish uchun qulay muhit yaratish dasturi amalga oshirilmoqda. Qishloq xoʻjaligi maydonlaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va yetishtirilayotgan ekinlarni diversifikatsiya qilish imkonini beradigan klaster tizimi tashkil etildi. Oʻzbekiston rossiyalik va xitoylik hamkasblari bilan qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish maqsadida ilmiy-tadqiqotlar bazasini yaratmoqda, xalqaro tashkilotlar esa Oʻzbekiston hukumati dasturlarini amalga oshirish uchun kreditlar ajratmoqda.
Oʻzbekiston agrar sektorni qayta qurishdan tashqari, oltin qazib olish boʻyicha dunyodagi yetakchi mamlakatga aylanish niyatida. Hukumat tarmoqni rivojlantirish maqsadida xorijiy kompaniyalarni jalb qilmoqda, keyingi besh yil ichida oltin zaxirasini 18,75 milliard dollar qiymatga teng 474 tonnaga oshirishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston raqamli iqtisodiyotga oʻta boshladi. 2018-yildan boshlab mamlakatda blokcheyn texnologiyasi rivojlanmoqda. Shuningdek, sarmoyadorlarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirish maqsadida “Digital Trust” jamgʻarmasi tashkil etildi. 2020-yil yanvar oyida Janubiy Koreyaning “Kobea Group” kompaniyasi Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk kriptobirja – “Uznex”ni ochdi. Hozirgi kunda mamlakatda kripto-aylanma soliqdan ozod etilgan.
Chegaralarning ochilishi
Toʻrt yil ilgari Oʻzbekiston dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri edi. 2017-yil apreldan mamlakatga bir oygacha muddatga keladigan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari uchun viza tartibini bekor qildi. 2019-yil fevral oyida bu roʻyxatga yana 45 mamlakat qoʻshildi, ayni damda 39 davlat fuqarolari uchun sayyohlik vizalarini rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, shuningdek, elektron vizalar ham joriy etildi. Yaqin-yaqinlargacha amalda deyarli chet elga chiqishi cheklangan Oʻzbekiston fuqarolari 2020-yildan boshlab dunyoning 58 mamlakatiga oldindan rasmiylashtiriladigan vizasiz yoʻl olmoqda.
Oʻzbekiston viza rejimini liberallashtirish orqali mamlakatning faol hordiq turlari bilan birga madaniy-maʼrifiy xususiyatga ega sayohat turlarini ham oʻz ichiga olgan istiqbolli sayyohlik tarmogʻini rivojlantirishga intilmoqda. Viza bilan bogʻliq islohotlar samarasi oʻlaroq, sayyohlar soni 2005-yildagi 240 ming nafardan 2019-yilda 6,7 million nafarga yetdi. Viza olish tortibi soddalashtirishdan tashqari, hukumat transport infratuzilmasini yaxshilash, turizmning ayrim turlarini rivojlantirish, sohaga xorijiy investitsiya jalb qilish bilan ham faol shugʻullanmoqda.
Samimiy Oʻzbekiston
Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda yaxshi qoʻshnichilik tamoyiliga tayanmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan xavfsizlik, investitsiyalar, madaniyat va ekologiya kabi sohalarda aloqalar rivojlanmoqda. 2019-yil yakunlariga koʻra, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan tovar aylanmasi hajmi 5,2 milliard dollarga yetdi. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari hal qilindi, suv va transport yoʻlaklaridan foydalanish muammolari ijobiy yechim topmoqda.
Shuningdek, Rosssiya bilan munosabatlar ham sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi – turli sektorlarda milliardlab qiymatga ega shartnomalar imzolandi. Parlamentlararo muloqot yoʻlga qoʻyildi, Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilishi toʻgʻrisida muzokaralar olib borilmoqda. Rossiya mamlakatning eng yirik investitsiyaviy sheriklaridan biriga aylandi.
Oʻzbekistonda oʻtgan toʻrt yil mobaynida yuz bergan oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyatda ham iqtisodiyotni liberallashtirish, ham inson huquqlari sohasida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar nuqtayi nazaridan eʼtirof etilmoqda. 2019-yilda “The Economist” jurnali Oʻzbekistonni koʻzlangan islohotlar amalga oshirilishi boʻyicha “Yil mamlakati” deb tan oldi, 2020-yil esa ushbu mamlakat “Bozorning rivojlanganligi”, “Infratuzilma”, “Inson kapitali va tadqiqotlar” kabi mezonlar boʻyicha oʻz natijalarini yaxshilagan holda, 2016-yildan buyon ilk marotaba ”Global innovatsion indeks”ga kirdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning soʻzlariga koʻra, 2035-yilda Oʻzbekiston dunyoning iqtisodiy taraqqiy etgan 50 ta mamlakati qatoriga kirishi mumkin.
Yekaterina Vinnik,
“Vestnika Kavkaza”

 

O’zA