Maktab taʼlimida qanday yangiliklar kutilmoqda?

Yangi oʻquv yili boshlandi. Ammo koronavirus pandemiyasi sabab maktablarda oʻqish jarayoni har yilgidan boshqacha shakl va mazmunda boʻlishi rejalashtirilgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati kotibi Laylo Rustamova shunday dedi:
– “Onlayn maktab” televizion darslari joriy yilning 14-sentyabrdan efirga uzatila boshlanadi. Masofaviy shaklda taʼlim olayotgan oʻquvchilar shu loyiha doirasida tashkil etiladigan mashgʻulotlarda qatnashishi mumkin. Bunda maktab oʻqituvchilarining asosiy vazifasi masofaviy taʼlimdagi oʻquvchilarning kundalik davomatini yuritish, “Onlayn maktab” loyihasi doirasida tashkil etiladigan darslarda beriladigan vazifalarni tekshirib, bajarilishini nazorat qilib borishdir.
Gibrid usuldagi taʼlim shaklida oʻqituvchi ham maktabdagi, ham uydagi oʻquvchiga dars oʻtib bermaydi.
Taʼkidlash lozim, 18-avgustdan 1-11-sinflar uchun televizion darslarni tasvirga olish ishlari boshlab yuborilgan. Onlayn darslarni tasvirga olish ishlariga jami 117 nafar respublikamizning eng malakali pedagoglari jalb etilgan. Bundan tashqari ushbu darslar ustida 8 nafar surdo-tarjimon hamda 15 nafar muharrir ishlamoqda.
10 mingga yaqin xalq taʼlimi muassasalarida optik tolali aloqa liniyalarini quriladi, masofaviy taʼlim uchun yana-da koʻproq qulayliklar yaratish maqsadida alohida imtiyozli “Maktab” tarif rejasi ishlab chiqiladi.
Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati kotibi Sherzod Ahmatov maʼlum qilishicha, karantin rejimi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab oʻquvchilarga uyda fanlarni bemalol oʻzlashtirishi uchun barcha mahalliy tarmoq va mobil operatorlari tomonidan taʼlim axborot-resurslari joylashtirilgan veb-saytlarga bepul kirish taʼminlandi.
Masofaviy taʼlim berishda ustoz va murabbiylar uchun mobil aloqa xizmatlaridan qulay shartlarda foydalanish uchun maxsus “Taʼlim” tarif rejasi joriy etilgan. Hozirgi kunda ushbu tarif rejasiga yana-da koʻproq qulayliklar kiritilmoqda.
Masofaviy taʼlim uchun yana-da koʻproq qulayliklar yaratish maqsadida alohida imtiyozli “Maktab” tarif rejasi ishlab chiqilib, hozirda joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yil boshidan bugungi kunga qadar internet tarmogʻiga keng polosali ulanish imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida 9 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Ularning asosiy qismi ijtimoiy soha obyektlari uchun tashkil etildi.
Foydalanuvchilar uchun yana-da kengroq imkoniyatlar yaratish magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobar, tuman markazlarigacha esa 4 barobar oshirildi.
Mobil aloqa xizmatlari qamrovini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 1 ming 375 ta qoʻshimcha yangi mobil aloqa baza stansiyasi oʻrnatildi va 3000 dan ortiq mavjud baza stansiyalari yuqori tezlikdagi internet texnologiyalari asosida modernizatsiya qilindi.
Yil yakuniga qadar yana 4 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 800 dan ortiq qoʻshimcha yangi baza stansiyalari oʻrnatiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, OʻzA