Parrandachilik
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanidagi “EKO AGRO KAPITAL” masʼuliyati cheklangan jamiyati parrandachilik yoʻnalishiga ixtisoslashgan boʻlib, bu yerda yetishtirilgan mahsulotlar Xorazm viloyati, Nukus shahri va Toʻrtkoʻl tumaniga yetkazib beriladi.
Germaniyaning “BIG DUTCHMAN” kompaniyasi texnologiyasi asosida 56200 bosh parrandaga moʻljallangan yangi liniyaning ishga tushirilishi bilan korxonada jami 100 ming bosh tovuq saqlanmoqda. Yangi liniya avtomatik ravishda kuniga uch mahal parrandalarga yem yetkazib beradi. Korxonada 33 ta ish oʻrni mavjud boʻlib, rejaga kiritilgan obyektlar ishga tushsa, ish oʻrnini yana-da kengaytirish belgilangan.
Korxona 245 gektar ekin maydoniga ega. Yem- xashak bazasini yaratish boʻyicha yerdan unumli foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Parranda ozuqasining asosiy tarkibi bugʻdoy hisoblanadi. Hozir ishlov berilgan joylarga bugʻdoy ekish moʻljallanmoqda.
– 2020-2022-yillarda yangi inkubatsion sexlarni ishga tushirish va ishlab chiqarishni 2,5 barobarga oshirishni yoʻlga qoʻymoqchimiz, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Rustam Seytimbetov. – Iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalari ishga tushishi bilan mahalliy daromadning oshishi kuzatiladi. Bu esa, oʻz navbatida, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA