Xitoyda yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari Oʻzbekistonda ham oʻtkazilishi mumkin

Xitoylik olimlar tomonidan COVID-19 virusiga qarshi yangi turdagi vaksinani sinovdan oʻtkazish masalasi muhokama etildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xitoyning Fanlar Akademiyasi, Xalqaro fan tashkilotlari Alyansi hamda “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari oʻrtasida video-konferens aloqasi orqali muzokara amalga oshirildi. Yigʻilishga Oʻzbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Xitoy tomonidan Xalqaro Fan tashkilotlari Alyansi ijrochi direktori Chingua Kao (Jinghua Sao) raislik qildilar.
Muzokara davomida Xitoy Fanlar Akademiyasi va “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” tomonidan ishlab chiqarilayotgan COVID-19 virusiga qarshi vaksina sinovlarini amalga oshirishda hamkorlikni olib borish masalalari muhokama etildi.
Klinik sinovlardan oʻtkazish uchun taklif etilgan yangi vaksina rekombinant oqsil texnologiyasiga asosan koronavirusning retseptor bogʻlovchi oqsili domeni boʻlagini ikki marta takrorlash (dimerizatsiya) natijasida yaratilgan. Retseptor bogʻlovchi domen barcha turdagi koronaviruslarda oʻxshash boʻlgani uchun bu vaksina MERS, SARS va COVID-19 viruslari uchun universal taʼsirga ega. Bu vaksina Xitoy Davlat farmakopiyasining talablariga qatʼiy muvofiq holda ishlab chiqilgan va xavfsizlikning yuqori darajasi bilan ajralib turishi maʼlum qilindi. Yangi vaksinani olish texnologiyasi 2020-yil 6-avgustda nufuzli “Cell” jurnalida Xitoylik olimlar guruhi tomonidan chop etildi.
Ushbu vaksina klinik tadqiqotlar uchun Xitoy Milliy tibbiyot mahsulotlar administratsiyasi tomonidan joriy yil 20-iyunida tasdiqlangan va jahonda koronavirus infeksiyasiga qarshi uchinchi vaksina hisoblanadi.
Insonlar oʻrtasida birinchi va ikkinchi faza sinov vaksinatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgan va ikkinchi-faza sinovlarining yakunlanishi oktyabr oyida boʻlishi kutilmoqda. Yangi vaksina uchun klinik sinovning uchinchi fazasi 2020-yilning toʻrtinchi choragida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Xitoy tomoni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi bir qator mamlakatlarda parallel ravishda oʻtkazilishi rejalashtirilganini aytib, Oʻzbekistonda ham koʻngillilar oʻrtasida ushbu sinov jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish istagida ekanliklarni bildirdi. Shuningdek, vaksina sinovlarining 3-bosqichini Uzoq Sharq va Arab mamlakatlari qatorida Oʻzbekistonda ham oʻtkazish ehtimoli haqida ham soʻz bordi. Agar vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtsa, sinov natijalari asosida ushbu vaksinani Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida foydalanish mumkinligi qayd etildi.
Shu bilan birga, tomonlar oʻrtasida sinov oʻtkazish boʻyicha moliyaviy xarajatlar va sinov jarayonlarining muddatlari muhokama etildi. Muzokaralar natijalariga koʻra, Oʻzbekiston tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi ilmiy-tadqiqot markazlarida test sinovlarini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqilishiga kelishildi. Xitoy tomoni 3-faza sinovlarini oʻtkazishda ham metodik ham moliyaviy yordam koʻrsatishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston tomonidan xitoylik hamkorlarning takliflari koʻrib chiqilib, yakuniy xulosa berilishiga kelishib olindi.

 

OʻzA