Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2020-2021 oʻquv yili uchun bakalavriyat bosqichi boʻyicha kunduzgi va sirtqi boʻlimlarga kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Bu haqda mazkur institut axborot xizmati OʻzA muxbiriga maʼlum qildi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 4 ta joyda – jismoniy madaniyat (shu jumladan, xotin-qizlar sporti) bakalavr taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Nukus shahar XTBga qarashli 9-umumtaʼlim maktabining sport maydonchasida, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi bakalavr taʼlim yoʻnalishi boʻyicha institutning chet tillari va jismoniy madaniyat fakultetlari binosining sport zalida, musiqiy taʼlim bakalavr taʼlim yoʻnalishi boʻyicha institut bosh binosining kichik majlislar zalida, shuningdek, oʻqish qozoq va turkman tillarida olib boriladigan bakalavr taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtihonlar institut bosh binosidagi katta sport zalida oʻtkazilmoqda.
Imtihonlarga kirish joylari dezinfeksion tunnel, tana haroratini oʻlchash uchun pirometrlar bilan jihozlangan boʻlib, maxsus tibbiyot xodimlari har bir abituriyentning haroratini oʻlchab, ularga tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqop bepul tarqatilmoqda. Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar oʻtkazish joylarida bepul ruchka, qogʻoz, qalam, ichimlik suvi tarqatish yoʻlga qoʻyilgan.
Imtihonlarning shaffof va adolatli oʻtishini taʼminlash maqsadida Buxoro davlat universitetidan malakali professor-oʻqituvchilar jalb etildi. Shuningdek, pandemiya sharoitida abituriyentlarning ota-onalari salomatligini taʼminlash va ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish maqsadida institut rasmiy veb-saytida https://ndpi.uz/qq/online-kamera/ veb-manzili orqali kasbiy (ijodiy) imtihonlar onlayn translyatsiya qilinmoqda.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 14 kun davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun: 2020-2021 oʻquv yili uchun institutning bakalavr kunduzgi taʼlim yoʻnalishlariga jami 2125 oʻrin (shundan, 500 davlat granti, 1625 toʻlov-kontrakt asosida), sirtqi taʼlim yoʻnalishlariga toʻlov-kontrakt asosida 1400 oʻrin, shuningdek, yangi oʻquv yilida kechki taʼlim yoʻnalishlari uchun toʻlov-kontrakt asosida 100 oʻrin ajratilgan. 20-iyundan 20-iyulga qadar − bir oy davomida mazkur taʼlim yoʻnalishlariga 31309 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilindi. Shundan, 26728 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan boʻlib, qolgan 4581 nafar abituriyent tanlagan bakalavr taʼlim yoʻnalishiga mos ravishda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradi.