Maktablarda darslar tashkil etishning tartibi eʼlon qilindi

AOKAda boʻlgan brifingda Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova maktablarda anʼanaviy shaklda dars tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida maʼlumot berdi, deya xabar bermoqda OʻzA muxbiri.
Pandemiya sharotida maktablarda dars mashgʻulotlari ertalab soat 8:00 dan kech soat 17:30 gacha tashkil qilinadi.
Bolalarning bir vaqtda toʻplanib qolishini oldini olish maqsadida, darslarning boshlanishi tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi. Unga koʻra, 1-4 sinflar maktabga soat 08:00 gacha, 5-8 sinflar soat 08:30 gacha hamda 9-11 sinflarning maktabga kelishi soat 09:00 gacha alohida eshiklardan ijtimoiy masofa saqlab, tana haroratini oʻlchagan holda amalga oshiriladi.
Darslar sinf sistemasida olib boriladi, yaʼni barcha darslar bir sinf uchun bir xonada olib boriladi.
Boshlangʻich sinf oʻquvchilari sinf rahbarlari tomonidan maktabning asosiy darvozasi yonida kutib olinadi hamda kuzatiladi, ota-onalarning maktabga kirishi taqiqlanadi.
Darslar oraligʻidagi tanaffuslar vaqtida qoʻngʻiroqlar chalinmaydi. Sinfxonalar koʻchadagi havo haroratidan kelib chiqqan holda shamollatib boriladi.

 

OʻzA