Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi – “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” yoʻnalishi foydalanishga topshirildi.
Metroning ushbu uchastkasida 7 bekat barpo etilgan. Yoʻnalish uzunligi 11,5 kilometr.
Bir vaqtlar sobiq “Chkalov” metrosidan Qoʻyliq bozorigacha metroda borish mumkin, desangiz hech kim ishonmas edi. Bugun yuzlab yoʻlovchilar poytaxning turli burchagidan metroga tushib Qoʻyliq bozorigacha kelmoqda.
Loyiha besh bosqichda amalga oshirilmoqda. Umumiy uzunligi 54,8 kilometr, 35 metro bekati, 2 depo va 1 texnik koʻrik punkti quriladi.
2019-yilning avgust oyida Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” liniyasida 2 ming 303 metrlik yangi relslar yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan edi.
Yangi qurib bitkazilgan bekatlar yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻlkirani elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikkinchi qavatdagi bekatlarning har biriga imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus liftlar ham oʻrnatilgan.
Har bir bekat milliy meʼmorchilik uslubiga xos tarzda qurilib, koʻrinishi va bezatilishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi. Ishlatilgan zamonaviy qurilish materiallari bekatlarga oʻzgacha chiroy bagʻishlagan.
Ushbu yoʻnalishda poyezdlarning oʻrtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Oraliq masofani bosib oʻtish vaqti – 19 daqiqa, bekatlarda toʻxtash vaqti – 15 soniya, har biri 4 vagondan iborat 5 poyezd qatnaydi.
Rossiya Federatsiyasida mamlakatimiz metro liniyalarining estakada yoʻnalishida harakatlanadigan zamonaviy va yuqori sifatli, yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklarga ega vagonlar tayyorlanib, yurtimizga keltirilgan.
“Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” bekatlari foydalanishga topshirilishi hisobiga 225 yangi ish oʻrni yaratilgan. Loyiha toʻliq foydalanishga topshirilgach, kuniga 46 mingta yoʻlovchi tashilishi rejalashtirilgan.
Toshkent yer usti halqa metro liniyasining ikkinchi bosqichi Qoʻyliq bozori bilan “Olmazor” bekatini bogʻlaydi. Uchinchi bosqichda “Olmazor”dan “Beruniy” bekatigacha boʻlgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda inshoot “Beruniy”dan “Bodomzor” bekatigacha quriladi, soʻnggi bosqichda yana “Doʻstlik” bekatiga ulanadi.
Bayram arafasida Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishida ham yangi ikki bekat ochildi. Endilikda “Ming oʻrik” bekatidan yangi “Turkiston” bekatigacha poyezdda borish mumkin. Loyihaga koʻra bu yoʻnalishda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari barpo etilgan.
Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yoʻlovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi – Yunusobod, Sergeli va Qoʻyliq yoʻnalishlari qurilishi bilan esa bu koʻrsatkich 150 mingdan ziyodni tashkil etishi rejalashtirilgan.
Xurshid QODIROV, Yoqub MELIBOYEV (video), OʻzA