TEST-2020: ruxsatnomasini olishga ulgurmagan abituriyentlar diqqatiga!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan brifingda Davlat test markazi mutasaddilari tomonidan abituriyentlar diqqatiga muhim yangilik maʼlum qilindi.
– Har bir abituriyent oʻziga tegishli ruxsatnomani olishi haqida telefon orqali xabarnomalar bilan ogohlantirilgan boʻlishiga qaramasdan mingga yaqin talabgor ruxsatnomasini olmagani kuzatilgan, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Barno Rajabov.
– Abituriyentlarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida shuni taʼkidlashimiz lozimki, shu kungacha ruxsatnoma olmagan yigit-qizlarga test sinoviga kirishdan 1 soat oldin imtihonlar oʻtadigan joyning oʻzida ruxsatnomasini berish imkoni yaratilgan.
Kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan yana shuni qoʻshimcha qilamizki, agar test sinovlari oʻtkazilayotgan hududlarda yogʻingarchilik kuzatilsa, test sinovlari maʼlum muddatga kechiktirilishi mumkin.

 

OʻzA