Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Tadbirda qonun hujjatlarining ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari hamda koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda jamiyatning turli sohalarini takomillashtirishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilinib, mustahkam huquqiy baza yaratildi. Joriy yilning 1-iyulidan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda “paket” prinsipi tatbiq etildi.
Bu borada parlament yuqori palatasi ham yangi yoʻnalishda ish olib bordi. Jumladan, Senat qoʻmitalari tomonidan 20 ga yaqin amaldagi qonun hujjatlarining ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganildi va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirildi. Natijada bir qator qayta koʻrib chiqilishi hamda takomillashtirilishi lozim boʻlgan normalar mavjudligi aniqlandi.
Majlisda ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning yoʻqligi, koʻplab havolaki normalarning mavjudligi va sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi amaliyotda muammolarni keltirib chiqarayotganiga urgʻu berildi. Mazkur masala Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan boʻlsa-da, mazkur sohani bevosita tartibga solishga qaratilgan 20 ga yaqin qonunosti hujjatlari amalda boʻlib, ularda bir-biriga zid normalar mavjud.
“Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi qonun meʼyorlarini amaliyotga tatbiq etishda ham ayrim muammolar yoʻq emas. “Oʻzarxiv” va “Oʻzstandart” agentliklari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilayotgan ayrim davlat xizmatlari boʻyicha maʼmuriy reglamentlar ishlab chiqilmagan, bu boradagi ichki hujjatlar bilan tartibga solib kelinmoqda. Qolaversa, “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonun ijrosini oʻrganish uning qoidalarini tatbiq etishda ham baʼzi kamchiliklarni koʻrsatdi.
Bundan tashqari, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi va boshqa bir qator amaldagi qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqish hamda takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.
Shu jihatdan qonun hujjatlarini tubdan qayta koʻrib chiqish, ularni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini yaxshilash, qonunlar ijrosi monitoringini takomillashtirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladigan tashkilotlarni bosqichma-bosqich qisqartirish zarurligi qayd etildi.
Majlisda koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi masalalar ham muhokama markazida boʻldi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha davlatimiz hamda hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan tezkor va aniq maqsadli chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda.
Koronavirus pandemiyasi davrida masofaviy taʼlim, mehnat, shuningdek. boshqa sohalarda masofaviy xizmat koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Tadbirkorlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qoʻllab-quvvatlandi.
Bu boradagi saʼy-harakatlarga hamohang ravishda parlament tomonidan ham qator ishlar amalga oshirildi. Pandemiya nafaqat tibbiyot, taʼlim sohalaridagi qonunchilik, balki iqtisodiyot yoʻnalishidagi, umuman olganda, boshqa qator sohalar qonunchiligini zamon talablariga moslashtirish zarurligini koʻrsatdi. Oʻz navbatida, bir qator qonunlar qabul qilindi va takomillashtirildi.
Senat Kengashi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga va iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini taʼminlashga qaratilgan huquqiy asoslarni yana-da mustahkamlash masalalari boʻyicha chora-tadbirlar rejasi va ishchi guruh tasdiqlandi.
Majlisda ishchi guruh faoliyati ochiq va shaffof boʻlishi lozimligi, uning jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlik qilishi, qolaversa, Yoshlar parlamenti imkoniyatlaridan samarali foydalanishi zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

OʻzA