Ayollar tadbirkorligi boʻyicha samarali loyiha

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bugungi kunda mamlakat miqyosida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning bandligini taʼminlash, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Mazkur assotsiatsiya oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi bilan birgalikda Osiyo taraqqiyot bankining(OTB) moliyaviy koʻmagida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi(CAREC) ning “Rivojlanish samaradorligini oshirish uchun fuqarolik jamiyatining ishtirokini chuqurlashtirish – fuqarolik jamiyatining OTB amaliyotlaridagi ishtirokini chuqurlashtirish” dasturi doirasidagi tajriba loyihasi shular jumlasidandir.
Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining bir qismi hisoblangan mazkur qoʻshma loyiha Osiyo taraqqiyot banki (OTB) fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash markazi tomonidan moliyalashtirilmoqda. U hududiy va Yevroosiyo bozorlariga chiqadigan xalqaro avtomobil koridorini ochish yuzasidan “Koridor 2, Qoraqalpogʻiston Respublikasining avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” yirik loyihasi komponenti sifatida amalga oshirilmoqda. Qabul qilingan dasturga muvofiq, mamlakatimizda avtomobil yoʻllari qurilishi va uni tiklashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faoliyati amalga oshiriladi, shu jumladan, qishloq joylarida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash hamda logistika va savdo markazlarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash, oʻz navbatida iqtisodiyotning rivojiga, savdo-sotiq aloqalarining kengayishiga xizmat qiladi.
CAREC dasturi doirasida hududiy tranzit koridorini barpo etish uchun va mamlakatimizning eng asosiy xalqaro savdo yoʻllaridan biri boʻlgan A-380 avtomobil yoʻlining Qoʻngʻirot-Dovud ota uchastkasida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani hududida) modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi.
– Mazkur loyiha muhim ahamiyatga ega, – deydi “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi ijrochi direktori Nazira Yeliboyeva. – Chunki uning amalga oshirilishi bilan tumanning Qozogʻiston bilan chegaradosh hududlari (“Qoraqalpogʻiston” va “Jasliq” shaharcha fuqarolar yigʻinlari) oraligʻidagi avtomobil yoʻllari boʻylarida savdo va xizmat koʻrsatish infratuzilmalari ishga tushiriladi. Natijada mazkur hududda aholi, ayniqsa ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, yoʻlovchilarga namunali servis xizmatini koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
Joriy yilning 1-aprelida boshlangan loyiha yil oxirigacha davom etadi. Uning doirasida “Qoraqalpogʻiston” va “Jasliq” shaharcha fuqarolar yigʻinlarining har birida 120 nafar ishsiz xotin-qizlar uchun tadbirkorlik asoslari, kichik biznesni boshqarish, moliyalashtirish va tejash, oilaviy tadbirkorlik, shu jumladan oilaviy korxonalar tuzish boʻyicha oʻquv seminarlari tashkil etiladi. Ularga kredit olish uchun biznes-reja tuzishda amaliy yordam koʻrsatilib, konsalting xizmatlari ham taklif etiladi. Bu esa chekka hududlarda istiqomat qiluvchi ayollarning bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, oilalarning farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA